Toshkent metropoliteni Yer usti halqa yo‘linig ikkinchi bosqichi doirasidagi Turon (13-bekat) va Qipchoq (14-bekat) bekatlarida belgilangan texnik sinov ishlari olib borilayotgani xususida xabar berilgan edi.

Mazkur sinov jarayonlari muvaffaqiyatli o‘z yakuniga yetkazildi va ushbu bekatlar joriy yilning 11-mart sanasidan boshlab ertalabdan odatiy reja asosida yo‘lovchilar uchun xizmat ko‘rsatishni boshladi.

Bundan tashqari, yo‘lovchilarga qulay xizmat ko‘rsatish uchun metro vagon parklariga  24 ta metro vagoni olib kelingan bo‘lsa, yana 12 ta metro vagoni Toshkent shahriga kirib keldi. Shuningdek, may oyi so‘nggiga qadar yana 20 ta zamonaviy metro vagoni olib kelinishi ham rejalashtirilgan.

“Toshshahartransxizmat” AJ matbuot xizmati tomonidan ma’lum qilinishicha, Toshkent metropoliteni Yer usti halqa yo‘lining Turon (13-bekat) va Qipchoq (14-bekat) bekatlari ishga tushishi munosabati bilan ushbu oraliqda vaqtinchalik faoliyat yuritayotgan “Toshshahartransxizmat” AJning “12-avtobus saroyi” filialiga biriktirilgan 1m-sonli “Qipchoq – Quruvchilar metrosi”  avtobus yo‘nalishida xizmat ko‘rsatish to‘xtatildi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, ushbu avtobus yo‘nalishi 2 ta “King Long” rusumli avtobus asosida Turon va Quruvchilar metro bekatlarini o‘zaro bog‘lash maqsadida o‘tgan 2023-yilning aprel oyida vaqtinchalik harakatlanish uchun tashkil etilgan edi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA