Roppa-rosa 6 hafta avval 96-«Oskar» kinomukofoti uchun nomzodlar e’lon qilingan edi. Kecha 10-mart kuni AQSHning Kaliforniya shtatidagi eng yirik shahridan biri Los-Anjelesda «Oskar» kinomukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. «Eng yaxshi film» nominatsiyasi 10 ta filmlar ichidan «Oppengeymer» filmiga nasib etdi, uning rejissyori Kristofer Nolan esa «Eng yaxshi rejissyor» nominatsiyasida «Oskar»ni qo‘lga kiritdi. Shuningdek «Oppengeymer»da o‘ynagan Killian Merfi «Eng yaxshi aktyor» sifatida «Oskar»ni oldi, kichik Robert Dauni esa ushbu filmdagi ishi uchun eng yaxshi ikkinchi plandagi aktyor sifatida e’tirof etildi. Hammasi bo‘lib «Oppengeymer» yettita «Oskar» oldi.

«Tashlab ketilganlar» filmidagi ishi uchun Davayn Joy Rendolf eng yaxshi ikkinchi plandagi aktrisa nominatsiyasida mukofotga sazovor bo‘ldi. «Eng yaxshi ayol roli» uchun Emma Stounga «Baxtsiz qashshoqlar» filmidagi roli uchun «Oskar» berildi. Ushbu film, shuningdek, eng yaxshi kostyumlar, grim va soch turmagi, shuningdek, badiiy rassom ishi uchun kinoakademiya mukofotlarini ham oldi.

Rejissyor Mstislav Chernov tomonidan suratga olingan «Mariupolda 20 kun» filmi eng yaxshi to‘liq metrajli hujjatli film deb topildi.

Eng yaxshi animatsion film uchun mukofot Xayao Miyadzakining «Bola va qush» filmiga nasib etdi.

Filmdagi eng yaxshi qo‘shiq uchun «Oskar» mukofoti Billi Aylish va Finneas O‘Konnellning «Barbi»da ijro etgan «What Was I Made For?» qo‘shig‘iga berildi. «Barbi» rejissyori Greta Gervig va filmda bosh rolni ijro etgan Margo Robbi «Oskar» mukofotiga nomzod sifatida qo‘yilmadi.

Nozimbek Mardonov, Doniyor Yakubov (video),O‘zA