FOTOREPORTAJ
Poytaxtimizdagi “Paxtakor” qilichbozlik majmuida 20 yoshli o‘g‘il-qizlar o‘rtasida mamlakat chempionati bahslari bo‘lib o‘tmoqda.
Musobaqaning ilk kunida qilichbozlikning sablya yo‘nalishi bo‘yicha yakkalik bahslari bo‘lib o‘tdi. Qizg‘in va murosasiz o‘tgan bellashuvlar natijasiga ko‘ra, 1-o‘rinni Guliston Perdiboyeva (Qoraqalpog‘iston Respublikasi) egalladi. Keyingi o‘rinlar ham qoraqalpog‘istonlik qizlarga nasib etdi: Ayako‘z Jumamuratova, Nargiza Jaksiboyeva. Yana bir 3-o‘rin sohibasi Samira Shokirova (Jizzax) bo‘ldi.
O‘g‘il bolalar o‘rtasida kechgan bahslar yana ham qiziqarli tus oldi. Unda 1-o‘rin Musa Aymuratovga nasib etdi. Keyingi o‘rinlarni ham qoraqalpog‘istonlik qilichbozlar bo‘lib olishdi: Alpomish O‘roqboyev va Azizbek Davlatnazarov. Yana bir 3-o‘rin egasi Nursulton Kenesboyev (Milliy qilichbozlik klubi) bo‘ldi.
Chempionat bahslarining ikkinchi kunida jamoaviy bahslar o‘tkazildi. Qizlar o‘rtasidagi bellashuvlarda 1-o‘rin “Toshkent-2” jamoasiga nasib etdi. 2-o‘rinni esa “Toshkent-1” jamoasi oldi. 2 ta 3-o‘rinni Qoraqalpog‘istonning 1- va 2-jamoalari egalladi.
O‘g‘il bolalar o‘rtasida jamoaviy bahslarning peshqadami yana Qoraqalpog‘istonning 1-jamoasi bo‘ldi. 2-o‘rin “Toshkent-1” jamoasiga ketdi. Ikkala 3-o‘rin esa Qoraqalpog‘istonning 2- va “Toshkent-2” jamoalari nasib etdi.
Ertaga qilichbozlikning rapira turi bo‘yicha yakkalik bahslari bo‘lib o‘tadi.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA