Nukusda “Eng namunali mahalla raisi” ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mitasi raisi Sh.Otemisov, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i S. Turmanov davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda mahalla institutining nufuzini oshirishga qaratilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi.

Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida jami 452 nafar mahalla raisi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ayni paytda ular tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish, ilg‘or ish tajribalarini ommalashtirish maqsadida O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Eng namunali mahalla raisi” respublika ko‘rik-tanlovini o‘tkazish belgilandi.

Ko‘rik-tanlov nizomiga muvofiq, joriy yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha shahar va tumanlarida 19-fevraldan 29-fevralga qadar sektor, shahar va tuman bosqichlari o‘tkazilib, ularda 447 nafar mahalla raisi ishtirok etdi. Natijalarga ko‘ra, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan 17 nafar rais tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Hakamlar hay’ati natijalariga ko‘ra, Chimboy tumanidagi “Gujimli” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Juzimgul Abdrasuliyeva birinchi o‘rinni, Bo‘zatov tumanidagi “Qusxanatov” ovul fuqarolar yig‘ini raisi Juginis Nurmanov ikkinchi va To‘rtko‘l tumanidagi “Yashnobod” ovul fuqarolar yig‘ini raisi O‘ringul Allabergenova uchinchi o‘rinni egalladi.

–Davlatimiz rahbari tomonidan mahallalar faoliyatini takomillashtirish, mahalla raislarining vakolatini kengaytirish, “Mahalla yettiligi”ning o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish vazifalari belgilab berilmoqda, – deydi tanlov g‘olibi, Chimboy tumanidagi “Gujimli” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Juzimgul Abdrasuliyeva. –Ayniqsa, har bir hududda hokim yordamchisi lavozimining joriy etilishi aholi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mahallamizda ham hokim yordamchisi ko‘magi bilan 2 milliard 700 million so‘m kredit ajratilishiga erishildi. Bu esa 100 nafardan ziyod aholiga oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanish imkonini berdi. Shuning uchun ham bu yutuq nafaqat meniki, balki hamkorlikda ishlayotgan xodimlarniki, deb bilaman. Kelajakda bor bilim va tajribamni bildirilgan ishonchni oqlashga sarflayman.

Tanlov g‘olib va sovrindorlariga tashkilotchilarning faxriy yorliq hamda pul mukofotlari topshirildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),

O‘zA muxbiri