Nukusda 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev yig‘ilganlarni bayram bilan muborakbod etdi.

Tadbirda shahar va tumanlardan kelgan nuroniy onaxonlar, jamiyat hayotining barcha sohalarida faol ishtirok etayotgan xotin-qizlar, turli vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.

U,shbu bayram uyg‘onish fasli, mehr-muhabbat va go‘zallik timsoli bo‘lish bilan birga, xotin-qizlarga bo‘lgan hurmat-e’tiborni o‘zida mujassam etadi. Chunki biz go‘zallik bilan mehr-muruvvatning eng yuqori fazilatini muqaddas onalarimiz bilan ajoyib xotin-qizlarimiz misolida ko‘ramiz.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, oila tayanchi, jamiyat ustuni bo‘lgan onalarimiz, ayollarimiz hayotdan rozi bo‘lsa, butun xalqimiz hayotdan rozi bo‘ladi. Xalq rozi bo‘lsa, Yaratganimiz ham bizdan rozi bo‘ladi. Shuning uchun ham bugungi kunda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasining davlat siyosati darajasiga ko‘tarilishi ularga bo‘lgan cheksiz g‘amxo‘rlik, yuqori ishonch va e’tiborning yorqin namunasidir. Bu borada qabul qilinayotgan farmon va qarorlar har birimiz uchun aziz xotin-qizlarni qadrlash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish va qo‘llab-quvvatlashdek ezgu ishlarni  yangi bosqichga ko‘tarmoqda.

O‘tgan yilning o‘zida xotin-qizlarni rag‘batlantirish maqsadida “Ibratli ayol” ko‘krak nishoni ta’sis etildi. 247 nafar xotin-qiz turarjoy bilan ta’minlanib, 17 ming nafardan ziyodiga doimiy ish o‘rni yaratildi.  4 ming nafarga yaqin xotin-qizga 20 milliard so‘m subsidiya ajratildi. Bundan tashqari, tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi 29 ming nafardan ziyod xotin-qizga 563 milliard so‘m kredit berildi.

Shu bilan birga, 24 ming nafardan ziyod xotin-qizga 26,1 milliard so‘m moddiy yordam ko‘rsatilgani, oliy va o‘rta maxsus ta’lim yurtlarida tahsil olayotgan 22 ming nafarga yaqin talaba qizlarga 197 milliard so‘m ta’lim kreditining ajratilishi, ijtimoiy muhofazaga muhtoj 150 nafar talaba qizning 1 milliard so‘mdan ziyod shartnoma puli to‘lab berilishi, 112 nafari imtiyozli grant, besh yillik mehnat stajiga ega 19 nafarining shartnoma asosida oliy o‘quv yurtiga qabul qilingani, bularning barchasi ularning hayotidagi ahamiyatli voqea bo‘lib hisoblanadi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan nafaqa yoshidagi 43 nafar ona Umra ziyoratiga  bepul borish baxtiga muyassar bo‘di. Ushbu ezgu ishlar joriy yilda ham davom etadi.

O‘zining samarali mehnati, boy tajribasi bilan yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida faol qatnashib, oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni mustahkamlash, yoshlarimizni ona Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga katta hissa qo‘shayotgan qoraqalpog‘istonlik 5 nafar xotin-qiz davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining joriy yil 4-martdagi “Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risida”gi qarori asosida  Nukus shahar Yesjan baxshi nomidagi 1-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi o‘qituvchisi Gulshinar Xudaybergenova hamda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining Chet tillari fakulteti filologiya yo‘nalishi 4-bosqich talabasi Nursuliu Kokanova ushbu mukofotga loyiq deb topildi. Bayram arafasida 20 nafar xotin-qiz “Mo‘tabar ayol”ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Tantanali tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumi qarori bilan bir guruh fidoiy xotin-qizlarga ko‘krak nishonlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining faxriy yorlig‘i, shuningdek, jamiyat va davlat hayotida faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatgan xotin-qizlarga “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni topshirildi.

Taqdirlanganlar nomidan so‘zga chiqqanlar kamtarona xizmatlari yuksak qadrlanib, mukofotga munosib ko‘rilgani uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.

Tadbir san’at ustalarining bayram konsert dasturi bilan davom etdi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari