Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tashabbusi bilan joylarda 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan turli ma’naviy-ma’rifiy, madaniy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmalari “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali bilan hamkorlikda “Kecha va bugun qoraqalpoq xotin-qizlari” deb nomlangan milliy liboslar ko‘rgazmasini tashkil etdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari R.Saparbayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.Ahmedova va boshqalar so‘zga chiqib, tadbir ishtirokchilarini ko‘klamning qutlug‘ ayyomi, ezgulik va go‘zallik bayrami, xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan muborakbod etdi.

Bayram munosabati bilan tashkil etilgan ko‘rgazmada shahar va tumanlardan 10 nafardan ziyod hunarmand o‘zlarining yangi dizayndagi bahor fasli uchun maxsus tikilgan milliy liboslari bilan ishtirok etdi. Tadbirning aynan bahor faslining dastlabki kunlarida o‘tkazilishi barchaga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.

–Mustaqillik yillarida milliy urf-odat va dasturlarimizni rivojlantirishga katta ahamiyat berilmoqda, – deydi “Tulumchoq stayl” dizayn atelesi rahbari G.Xojanova. – Bir-biridan chiroyli milliy kiyimlar barchada qiziqish uyg‘otdi. Mazkur tadbirning Navro‘z umumxalq bayrami arafasida o‘tkazilishi hunarmandlarga milliy kiyimlar bo‘yicha tajriba almashish imkonini berdi.

Tadbir yakunida o‘zlarining ijodiy ishlari bilan milliy-madaniy merosimizni targ‘ib qilishdagi fidoyiligi, yangilikka intilishi, zamonga mos izlanishlari bilan faol ishtirok etgan xotin-qizlarga tashakkurnomalar topshirildi.

Tadbir san’at ustalarining bayram konserti bilan davom etdi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari