Davlatimiz rahbarining joriy yil 4-martdagi “Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risida”gi qarori asosida o‘zining iqtidori, muhim g‘oya va tashabbuslari, ibratli amaliy ishlari va erishgan yutuqlari bilan yoshlarga o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh qizlar mazkur mukofotga sazovor bo‘ldi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahar Yesjan baxshi nomidagi 1-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi o‘qituvchisi Gulshinar Xudaybergenova hamda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining Chet tillari fakulteti filologiya yo‘nalishi 4-bosqich talabasi Nursuliu Kokanova ham ushbu mukofotga loyiq deb topildi.

1999-yil 10-may kuni Xo‘jayli tumanida tug‘ilgan G.Xudaybergenova san’at sohasining baxshichilik yo‘nalishida ijod qilib kelmoqda. Respublika miqyosida o‘tkazilib kelinayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning faol ishtirokchisi hamda tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. 2019-yili Toshkent shahrida Tasviriy san’at galereyasida baxshi Yerisbay Asqarov bilan birga “Sayatxon-Hamro” nomli doston kechasini o‘tkazdi.

2022-yili Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Oyimxon Shamuratovaning  105-yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovda faol ishtirok etdi. 2023-yili “Abboz ovozi-Qorateran ohanglari” folklor festivali doirasida “Baxshichilik” yo‘nalishida o‘tkazilgan respublika tanlovida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston xalq baxshisi Amet Tarixovning 100-yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan respublika baxshilar tanlovida birinchi, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkazilgan “An’anaviy va zamonaviy cholg‘u ijrochiligi” ko‘rik-tanlovining Qaraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida  ikkinchi o‘rinni egalladi.

Nukus shahar Yesjan baxshi nomidagi 1-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida  2022-2023 o‘quv yili davomida fidokorona mehnati, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qo‘shgan hissasi uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligining faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi.

G.Xudaybergenova baxshichilik bilan birga, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha respublika miqyosida o‘tkazilib kelayotgan ilmiy-amaliy konferensiyalarda tezis va maqolalari bilan ishtirok etib kelmoqda.

Qoraqalpoq davlat universitetining Chet tillari fakulteti 4-bosqich talabasi N.Kokanova 2002-yil 18-sentyabrda Kegeyli tumanida tug‘ilgan. Ingliz tili va adabiyot fanini chuqur o‘zlashtirish bilan bir qatorda yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasini hamda adabiyotni keng targ‘ib etish, qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish borasidagi islohotlarga hissa qo‘shib kelmoqda. 2018-yil “Mustaqil yurt farzandiman”, 2022-yil “Customs of Karakalpakstan” nomli kitoblari, 2023-yil “The World of Idioms” df “English Idioms” nomli monografiyasi chop etilgan. 2018-yil “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, oliy mukofot, ya’ni Prezident sovg‘asi “Spark” avtomobili bilan taqdirlandi.

2022-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan   “Umid uchquni” ko‘krak nishoni,  Hindiston Respublikasi “CSIR-CECRI JIGYASA” tashkiloti tomonidan dunyo kitoblari kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan onlayn tanlovda sertifikat bilan taqdirlandi. 2022-yilda Qozog‘iston Respublikasida tashkil etilgan “Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi –2022” tanlovida, 2023-yilda Rossiya davlatining “Dictation NSTU 2023” xalqaro onlayn tanlovida ikkinchi o‘rinni egallagan.

U O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan chet tilini bilish darajasi to‘g‘risida S1 darajali sertifikat bilan taqdirlandi. Hindistonning Ramco instituti tomonidan “Tabiatni muhofaza qilish kuni” munosabati bilan o‘tkazilgan xalqaro onlayn tanlovda sertifikat, Pokistonning “Iqra foundation” fondi tomonidan “Tinchlik va adolatni himoya qiluvchi maxsus elchisi” guvohnomasini qo‘lga kiritdi.

Har ikki yurtdoshimizni yuksak mukofot bilan muborakbod etib, kelgusi ishlarida muvaffaqiyatlar va omad tilaymiz.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri