Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron yaqin haftalarda Ukrainaga tashrif buyuradi, deb yozgan “Frans Press” agentligi Yelisey saroyi manbalariga tayanib.
Prezident Vladimir Zelenskiy Fransiya yetakchisi bilan telefon orqali suhbatdan keyin Makron yaqin orada Ukrainaga kelishini ma’lum qilgan.
Ikki davlat yetakchilari muloqotida fransuzlar yetakchisi “chuqur zarba berish uchun koalitsiya” tuzish bo‘yicha sa’y-harakatni davom ettirish hamda Chexiyaning o‘q-dori borasidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlash niyatini bildirdi.
Avvalroq Makron EI Ukrainaga o‘rta va uzoq masofani bosib o‘ta oladigan raketa yetkazib berish uchun “to‘qqizinchi koalitsiya” tuzish bo‘yicha kelishuvga erishgani haqida bayonot bergan. Fevral oxirida esa Makron Fransiya Rossiya urushda g‘alaba qilmasligi uchun bor imkoniyatni ishga solishini ta’kidlagan. Uning aytishicha, G‘arb mamlakatlari yetakchilari Ukrainaga qo‘shin jo‘natish imkoniyatini muhokama qilgan, lekin bu masalada bir to‘xtamga kelinmagan.