2024-yil tarixan eng yirik saylovlar yiliga aylanishi kutilyapti. Bu yil dunyoning 60 dan ziyod mamlakati, jumladan AQSH, Meksika, Hindiston, Pokiston, Portugaliya va Indoneziya kabi aholis ko‘p davlatlarda saylov bo‘lib o‘tadi.

Bugun, 10-mart kuni Portugaliyada navbatdan tashqari parlament saylovi o‘tkazilyapti, deb xabar berdi “Assoshieyted Press” agentligi.
Mahalliy matbuot yozishicha, mamlakatning 10 milliondan ziyod fuqarosi Respublika Assambleyasi – bir palatali parlamentga 230 nafar deputatni saylayapti.

Jahon standartiga muvofiq, saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan soat 08:00 dan 19:00 ga qadar ochiq bo‘ladi. Ovoz berishning dastlabki natijasi bugun kechasi e’lon qilinadi.

– Aslida saylov 2026-yil o‘tishi kerak edi. Kutilmaganda 2023-yil noyabrda Prezident Marsel-u Rebelu de Souza parlament tarqatilishi va muddatidan oldin saylov o‘tkazilishini ma’lum qildi, – yozgan AP.

Davlat rahbari fuqarolarni mazkur siyosiy voqelikka befarq bo‘lmasdan, faol ishtirok etish, munosib partiyaga ovoz berishga chaqirdi. U dunyo bo‘ylab yechimini topmayotgan muammolar mamlakat farovonligiga ham tahdid solyapti, degan fikrni ilgari surdi.
Darvoqe, saylov mamlakatdagi korrupsiya mojarosi, iqtisodiy muammo va ijtimoiy murakkab vaziyat asnosida tashkil etilmoqda.

Shanba oqshomida televideniye orqali xalqqa yo‘llagan murojaatida Rebelu de Souza ushbu saylov o‘ta muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Joriy yil oxirida Yevroparlament va Qo‘shma Shtatlardagi saylovlarning oldindan aytib bo‘lmaydigan natijasi, shuningdek Ukrainadagi urush va Yaqin Sharqdagi mojarolar iqtisodiy muammoga olib kelishi mumkinligini qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yil O‘zbekistonda ham parlament saylovi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA