Poyezd halokatida ikki qo‘lidan ayrilgan 45 yoshli hind rassomi Dehlidagi “Sir Ganga Ram” kasalxonasida 12 soatlik ikki tomonlama qo‘l ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasini o‘tkazdi, deya xabar beradi “Hindustan Times” nashri.
Gap shundaki, bundan to‘rt yil avval poytaxtning Nangloi mavzesida yashovchi Raj Kumar velosipedda uyi yonidagi temir yo‘lni kesib o‘tayotganda boshqaruvni yo‘qotib, relsga yiqiladi va poyezd tagiga tushib qoladi.
— U kundalik faoliyatida boshqalarga qaram bo‘lib qolgan edi, -deydi tibbiyot muassasasining plastik va kosmetik jarrohlik bo‘limi boshlig‘i, doktor Mahesh Mangal. — Bemorning yagona yo‘li protezlardan foydalanish yoki qo‘l transplantatsiyasi edi. Avvaliga Raj protez ishlatishni boshladi, lekin bunga ko‘nika olmadi va uning yagona umidi qo‘l ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasini o‘tkazish bo‘lib qoldi.
2023-yil fevral oyida “Sir Ganga Ram” qo‘l transplantatsiyasini amalga oshirishga ruxsat olgan mamlakatdagi birinchi shifoxonaga aylandi.
— Biz qo‘l operatsiyasi uchun potensial nomzodlar izlayotganimizda, Raj Kumar ro‘yxatimizda bor edi, -deya qo‘shimcha qiladi doktor Mangal. —Tibbiy protokolga ko‘ra, jarayondan oldin bemor ustida batafsil va maxsus tekshiruvlar o‘tkazildi. So‘ng, jarrohlar jamoasi turli tarkibiy qismlarni – suyaklar, arteriyalar, tomirlar, tendonlar, mushaklar, nervlar va terini nozik tarzda qayta biriktirib, murakkab amaliyotni amalga oshirish uchun ishga kirishdi.
Shunday qilib, o‘limidan so‘ng donorlikka rozilik bergan bir ayolning qo‘llari Raj Kumarga muvaffaqiyatli o‘tkazildi va rassom yana mo‘yqalami bilan rasmlar chiza oladigan bo‘ldi.