Nukusda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining Qoraqalpog‘iston Kengashi tomonidan 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Ayollari qadr topgan yurt” mavzusida bayram kechasi o‘tkazildi.

Unda shahar va tumanlardan kelgan onaxonlar, jamiyat hayotining barcha sohalarida faol ishtirok etayotgan xotin-qizlar, turli vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi o‘rinbosari– Qoraqalpog‘iston Kengashi raisi, senator U.Jalmenov yig‘ilganlarni bayram bilan muborakbod etdi.

Bugungi kunda Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda xotin-qizlarga g‘amxo‘rlik qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning jamiyat hayotining barcha sohasida o‘z qobiliyatini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratish, ularni hunarmandchilik va tadbirkorlikka o‘rgatish, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarga yordam berish maqsadida “Ayollar daftari”ni tatbiq etish, oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan qizlarning kontrakt to‘lovlarini to‘lash, fidoyi, iqtidorli qizlarni munosib baholash kabi qator ishlar amalga oshirilayotgani opa-singillarga va dilbar qizlarimizga ko‘rsatilayotgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rlikning yorqin namunasidir.

Xotin-qizlarni e’zozlash, barcha sohalarda samarali faoliyat yuritayotgan hamda oilalar mustahkamligini ta’minlashda o‘z hissasini qo‘shayotgan faol xotin-qizlarni rag‘batlantirish, namunali kasbiy mahorati bilan barchaga o‘rnak bo‘lgan mehnat faxriylarini sharaflash ishlarida kasaba uyushmalari ham faol ishtirok etmoqda. Jamoa kelishuvlari va shartnomalari orqali davlat dasturi asosida “Kasaba uyushmalari – xotin-qizlarga” aksiyasi doirasida 3 ming 835 nafar xotin-qizga sovg‘alar topshirildi.

Har yili respublikamizda xotin-qizlarning muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy tomondan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Respublika komissiyasi tomonidan o‘tkazilayotgan “Eng yaxshi sektor rahbari”, “Eng yaxshi mahalla raisi”, “Eng yaxshi hokim yordamchisi”, “Eng yaxshi yoshlar yetakchisi”, “Eng yaxshi xotin-qizlar faoli” va “Eng namunali ish beruvchi ayol” tanlovlarining O‘zbekiston Respublikasi bosqichi g‘olibi Amudaryo tumani, “Nazarxan” ovul fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli Guljahon Ibraimova hamda Nukus shahri “Chimboy choyxona” mahalla fuqarolar yig‘ini hokim yordamchisi Shahzoda Abdiramanovaning har biri 30 million so‘m bilan taqdirlandi.

Bayram kechasida Vatanimizning rivojlanish yo‘lida samarali mehnat qilayotgan, jamiyat hayotining barcha sohalaridagi fidoyi xotin-qizlar va nuroniy onalar O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining Qoraqalpog‘iston Kengashi tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri