Bosh prokuratura Yevropa Kengashi bilan hamkorlikda seminar o‘tkazdi

395

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan Yevropa Kengashi bilan hamkorlikda “Jinoyat ishlari bo‘yicha xalqaro hamkorlik” mavzusidagi o‘quv kurslarini boshlash bo‘yicha seminar tashkil etildi.

Mazkur tadbir Yevropa Ittifoqi va Yevropa Kengashining “Markaziy Osiyoda huquq ustuvorligi” loyihasi “Markaziy Osiyoda yuridik mutaxassislar uchun inson huquqlari bo‘yicha ta’lim (HELP)” dasturi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Unda Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, prokuratura organlarining hududiy tarmoqlari, transport va harbiy prokuraturalar xodimlari ishtirok etdi.

Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova keyingi yillarda prokuratura organlari tomonidan jinoiy-huquqiy sohada xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada jadallashtirish, xususan, hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini yanada kengaytirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Yevropa Kengashi ekspertlari tomonidan “Jinoyat ishlari bo‘yicha xalqaro hamkorlik” HELP o‘quv kursining taqdimoti o‘tkazildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish, ekstraditsiya, jinoiy aktivlarni qaytarish va mahkumlarni topshirish sohalariga doir Yevropa standartlari va huquqni qo‘llash amaliyoti tahlili ko‘rib chiqildi.

Tadbir ishtirokchilari jinoiy-huquqiy sohada xalqaro hamkorlikni amalga oshirishning amaliy masalalari borasida fikr almashdi. Milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

N.Abduraimova, O‘zA