Muzeylarda kadrlar masalasi eng og‘riqli muammolardan biri (+video)

Millatning tarixi va madaniy merosini saqlab qolishda muzeylarning o‘rni beqiyos. Muzeylar bizga istalgan davr haqida ko‘plab tafsilotlarni o‘rganish imkonini beradi.
Bugungi kunda respublikada xalqimiz madaniy merosi bilan bog‘liq bo‘lgan 444 ta muzey faoliyat olib bormoqda. Shundan 155 tasi turli sohalarga tegishli davlat muzeylari hisoblanadi. Ulardan 114 tasi Madaniy meros agentligi tasarrufida.
Muzeylar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning marketing siyosati va xizmatlar sohasini kompleks rivojlantirish borasida qanday amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda? Sohaga malakali kadrlarni jalb qilish ishlari qoniqarlimi?
Mazkur savollar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi Muzeylar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi bosh mutaxassisi Dilobarxon Mirhusanova quyidagilarni ma’lum qildi.
– So‘zim boshida bir narsani alohida ta’kidlashni istar edim, – deydi Dilobarxon Mirhusanova. – Muzeylar bo‘lmaganda biz hech qachon aqlbovar qilmas o‘tmish haqida muhim ma’lumotlarga ega bo‘la olmas edik. Aynan muzeylargina bizga tarixni singdirib, hayotga ajdodlar nigohi bilan qarashga undaydi.
To‘g‘ri, so‘nggi yillarda muzeylar faoliyatini takomillashtirish va jamiyat hayotidagi ta’sirini oshirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Sohaga oid bir qancha hujjatlar qabul qilindi. Ayniqsa, o‘tgan 2023-yil 22-dekabrda davlatimiz rahbari boshchiligida o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi yig‘ilishida muzeylar faoliyatini yanada rivojlantirish masalasiga katta e’tibor qaratilgani quvonarli hol bo‘ldi. Muzeylar uzoq o‘tmishdan meros bo‘lib kelayotgan madaniyat, ma’rifat, tabiat yodgorliklarining yaxlit tizimga solingan yig‘indisi ekani bilan ham qimmatlidir. Ammo bugun muzeylarni yangi bosqichga olib chiqishdan oldin sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish lozim.
Eng avvalo muzeylarda yangi bilim va tajribalarga ega kadrlarga ehtiyoj ortmoqda. Muzeylar tarkibiga ixtisoslashtirilgan mutaxassislardan tarixchi, san’atshunos, biolog va boshqa soha vakillari bilan birgalikda, menejment va marketing bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlarni jalb etish muhim.
Muzeyshunoslar muzey sohasida yosh kadrlarni ishga joylashtirishda qayta-qayta bir xil muammoni ta’kidlab keladi. Xususan, ko‘p muzeylarda talabalar uchun doimiy ravishda amaliyotlar tashkil etiladi. Biroq, oliy ta’lim muassasalari talabalari va bitiruvchilarida muzey ishiga qiziqish uyg‘onmasligi achinarli hol. Amaliyotdan o‘tgan yoshlarning atigi 5-10 foizigina muzeyda ishlash istagini bildiradi.
Muzeylarda kadrlar masalasi eng og‘riqli muammolardan biri. Muzeylar siyosatida malakali kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish masalasi ustuvorlik qilmoqda. Biroq birgina Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomchilik va dizayn institutida tayyorlanayotgan muzeyshunos kadrlarning ish bilan ta’minlanish darajasi maqtangulik bo‘lmagan.
Muzeyda ishlash istagini bildiruvchilar soni 10 foizni ham tashkil qilmagan holatda muzey sohasidagi kadrlarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini kengaytirishdan mantiq nima? Soha vakili sifatida shuni aytishim kerakki, sohada ta’lim tizimini takomillashtirishdagi birlamchi vazifa muzey xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishdan iborat bo‘lishi maqsadga muvofiqdir.
To‘g‘ri, muzey xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlarni inkor qilib bo‘lmaydi. Mavjud qonunchilikda fan doktori ilmiy darajasiga yoki xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalarga ega bo‘lganlarning oylik maoshi 2,5 koeffitsiyentga oshirilgan holda belgilanishi hamda fan nomzodi ilmiy darajasi, falsafa doktori yoki xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega bo‘lganlarning oylik maoshlari 2 koeffitsiyentga oshirilgan holda belgilanishi qayd etilgan.
Ammo muzey xodimlarining hammasi ham ilmiy darajaga ega emas. Respublika muzeylaridagi 3 million nafarga yaqin xodimning atigi 18 nafari fan nomzodi ilmiy darajasiga, 17 nafari fan doktori ilmiy darajasiga ega. Ushbu ko‘rsatkichlardan ko‘rinib turibdiki, muzey xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tizimini aholining ijtimoiy ehtiyojidan kelib chiqqan holda qayta ko‘rib chiqish masalasi dolzarb.
Shuningdek, yechimini kutayotgan muammolardan biri hozirda aksariyat muzeylar binosi hamda 115 mingdan ortiq muzey ashyosi ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan. Ekspozitsiya maydonlarining kamligi evaziga 2,5 milliondan ortiq eksponatdan atigi 0,7 foizi – 130 mingdan ortiq ashyo namoyishga qo‘yilgan.
Xulosa qilib shuni aytish kerakki, O‘zbekiston muzeylarining kelajagi bevosita muzey sohasini malakali kadrlar bilan ta’minlash, muzeylar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va zarur shart-sharoitlar yaratish kabi masalalarning ijobiy hal etilishi bilan bog‘liqdir.
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.
O‘zA