Besh oydan keyin Fransiya poytaxtida boshlanadigan “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlari ochilish marosimida qancha tomoshabin bevosita ishtirok etishi keyingi payt xalqaro sport jamoatchiligi tomonidan qizg‘in muhokama qilinyapti. Ayni payt mamlakat ichki ishlar vaziri Jerald Darmanin Sena daryosi bo‘yida o‘tadigan tadbir uchun 326 ming chipta sotilishi yoki tarqatilishini tasdiqladi.
Avvalroq yangi farmatda tashkil etilayotgan mazkur bayramda 2 600 000 tomoshabin qamrab olinishi aytilgandi.
Mulozimning so‘zlariga ko‘ra, Sena daryosiga yaqin maydon chiptasi uchun pul to‘lagan 100 ming nafardan ziyod tomoshabin va yuqoridan ko‘rish hududidagi 220 ming bepul chipta egasi tantanani kuzatib boradi. Daryo yoqalab o‘tadigan sportchilarga 326 nafar ko‘ngilli hamrohlik qiladi. Bundan tashqari 26-iyul kuni suv bo‘yida, ochiq osmon ostidagi paradni voqeaga yaqin binolardan 200 mingdan ziyod, poytaxt fan-zonalaridan 50 ming kishi tomosha qilish imkoniga ega bo‘ladi. Bu Parij Olimpiadasi ochilishiga bag‘ishlangan anjuman taxminan 600 ming inson ko‘z o‘ngida bo‘lib o‘tishini anglatadi.
“Pekin-2008”, “London-2012” va “Tokio-2020” ochilish marosimlaridan har jihatdan ustunlikka erishish maqsad qilingan Parij Olimpiadasida 180 ta qayiq Sena bo‘ylab olti kilometrga yaqin masofani bosib o‘tadi. Ushbu qayiqlarning 94 tasida sport delegatsiyalari o‘rin olishi nazarda tutilgan.
T. Ro‘ziyev, O‘zA