O‘zbekistonda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri – bu yoshlar masalalari hisoblanadi. Mamlakat rahbari tomonidan 2024-yil – Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili, deb e’lon qilingani ham bejiz emas.

Shunga ko‘ra, yoshlarning ilm olishga bo‘lgan ishtiyoqini oshirish, jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishlarida ko‘maklashish va taraqqiyot yo‘lidagi ishlar uchun daxldorlik hissini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash asosiy vazifalardan biridir.

Ayni shu maqsadda Adliya vazirligi tomonidan “Ibrat farzandlari” nodavlat notijorat tashkiloti davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Tashkilotning asosiy maqsadi – o‘zbekistonlik til o‘rganuvchilariga xorijiy tillarni, xorijliklarga o‘zbek tilini tizimli va kreativ usulda o‘rgatish, sohaga doir o‘quv qo‘llanmalar, dasturlar, elektron va bosma darsliklar yaratish, yoshlarni bilim olishga undovchi videomahsulotlar ishlab chiqarishdan iborat.

Tashkilot dunyo tillarini o‘zbek tili orqali o‘rgatishni qo‘llab-quvvatlash, o‘zbekistonlik yoshlarning savodxonlik darajasini oshirish va xorijiy tillarni o‘rganishini ta’minlash, xorijiy mamlakatlarda faoliyat olib boruvchi ta’lim muassasalari, til maktablari bilan xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, tillar marafonini tashkil etish va bu orqali har bir tilni loyiha doirasida mukammal egallagan foydalanuvchilarni izlab topish, rag‘batlantirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

N.Abduraimova, O‘zA