Gender tenglikni ta’minlash sohasida BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlik samara bermoqda

263

Senatning xotin -qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili vazifasini bajaruvchi Anas Qarman boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Ta’kidlash lozimki, mazkur tuzilma bilan hamkorlikda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini yuksaltirish borasida qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Uchrashuvda Senat hamda Taraqqiyot dasturi hamkorligidagi “O‘zbekiston milliy gender strategiyasining amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlash orqali tenglikka erishish” qo‘shma loyihaning amalga oshirilishi holati va hamkorlikning kelgusi istiqbollari muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, o‘tgan yili O‘zbekistonda gender tenglik va xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirishning kelajak istiqbollarini o‘rganish (Foresight) konsepsiyasi ishlab chiqilib, milliy ekspertlar guruhi shakllantirildi. “Davlat muassasalari uchun gender tenglik nishoni” global dasturini amalga oshirish doirasida Bojxona qo‘mitasi uchun mahorat darslari va so‘rovlar o‘tkazildi. Gender strategiyasini amalga oshirish monitoringi va maqsadli ko‘rsatkichlari (subindikatorlar) ishlab chiqildi.

Muloqot chog‘ida loyihaning 2024 yilgi asosiy yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi. Unda Milliy yetakchi ayollar platformasi a’zolarining hamda zaxiradagi yetakchi ayollarning salohiyatini oshirish, siyosiy hayotdagi faolligini kuchaytirish, siyosiy partiyalar va mahalliy Kengashlar vakillarining yetakchilik ko‘nikmalarini oshirish kabi masalalarga e’tibor qaratildi.

Shuningdek, suhbat chog‘ida 2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini amalga oshirishda hamkorlikni kuchaytirish, birgalikda amalga oshiriladigan loyihalar va xalqaro tadbirlar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

 N.Abduraimova,O‘zA