Saudiya Arabistoni Podshohligi axborot agentligi – “SPA” o‘z rakursini Xalqaro Islom savdo-moliya  korporatsiyasi (ITFC) va O‘zbekiston o‘rtasida umumiy qiymati 715 million dollar bo‘lgan ko‘plab shartnomalar imzolanganiga qaratdi.

Shu mavzudagi maqolada Toshkentda 4-5-mart kunlari bo‘lib o‘tgan Arab muvofiqlashtirish guruhi yig‘ilishi doirasida Islom taraqqiyot banki guruhi a’zosi – Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi O‘zbekiston bilan qator bitimlar imzolagani batafsil yoritilgan.

Muallif dastlabki kelishuv, ya’ni 2024-2026-yillarga mo‘ljallangan 600 million dollarlik hujjat – mamlakatimiz investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda ITFC bosh direktori Xani Salim Sonbol tomonidan imzolangan doiraviy hamkorlik shartnomasiga alohida to‘xtalgan.

Ushbu shartnoma savdo va qishloq xo‘jaligini, davlat korxonalarini qo‘llab-quvvatlash, farmatsevtika, oziq-ovqat yo‘nalishlarida faoliyat olib borayotgan kichik, o‘rta korxonalarni moliyalashtirishga qaratilgan.

Oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladigan ikkinchi kelishuv doirasida strategik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xarid qilish, yil davomida barqaror bug‘doy ta’minotiga erishish ko‘zda tutilgan. Mazkur hujjat 100 million dollarlik “Murobaha” moliyalashtirish bitimidir.

Xalqaro islom savdoni moliyalashtirish korporatsiyasi yurtimizda kichik va o‘rta kompaniyalar hamda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash maqsadida jami 15 million dollar qiymatga ega bitim ham imzolagan.

– Ushbu shartnomalar O‘zbekiston bilan hamkorligimizni mustahkamlash barobarida, umuman Markaziy Osiyo mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga sodiqligimizni tasdiqlaydi, – dedi Xani Salim Sonbol.

Muharrama Pirmatova, O‘zA