Kattaqo‘rg‘on Nantun bilan hamkorlik qiladi

287

Xitoy Xalq Respublikasining Jiangsu provinsiyasi Nantun shahri xalq hukumati meri o‘rinbosari Li Lin xonim boshchiligidagi delegatsiya Samarqandga tashrif buyurdi.

“Ipak yo‘li” xalqaro turizm markazida Samarqand viloyati mas’ullari va Nantong shahri mutasaddilari, tadbirkorlari ishtirokida biznes forum o‘tkazildi.

Forum doirasida doirasida viloyat hokimi o‘rinbosarlari Rustam Qobilov, Oybek Hamrayevlar va Nantun shahri xalq hukumati meri o‘rinbosari Li Lin xonim boshchiligidagi delegatsiyaning rasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollari haqida fikr almashdi.

Xususan, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov Samarqand va Jiangsu provinsiyasi o‘rtasidagi hamkorlik tobora rivojlanayotganini ta’kidlab, ikki tomon delegatsiyalarining muntazamlik kasb etgan tashriflari davomida erishilgan kelishuvlar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini qayd etdi. Kelgusida bu ishlarni yanada jonlantirish maqsadida tekstil, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash, elektrotexnika, metallurgiya sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishga talab yuqoriligini bildirdi.

Shuningdek, o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida madaniy aloqalarni ham rivojlantirish zarurligini qayd etib, Nantun shahri madaniyat vakillarini Samarqandda o‘tkaziladigan Navro‘z umumxalq bayrami tadbirlariga taklif qildi.

O‘z navbatida Nantun shahri xalq hukumati meri o‘rinbosari Li Lin xonim o‘zaro aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidlab, Samarqand bilan ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tdi. Xususan, Xitoyning sanoatlashgan hududlaridan biri bo‘lgan Nantun shahri hukumati tomonidan tekstil, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash, ushbu yo‘nalishdagi yuqori sifatli texnologiyalar, elektrotexnika, chiqindini qayta ishlash, metallurgiya sohalarida investitsion loyihalarni amalga oshirishni taklif etdi.

Uchrashuvdan so‘ng tomonlar o‘z mintaqalarining iqtisodiy salohiyatlari haqida taqdimotlari bilan o‘rtoqlashdi. Nantun shahri savdo departamenti boshlig‘i Gao Xunyuy, Xayan shahri xalq hukumati meri o‘rinbosari Lu Lin hamda Kattaqo‘rg‘on shahri hokimi Gavhar Alimova, Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi Jamshid Nasriddinov hududlarning iqtisodiy imkoniyatlari haqida batafsil axborot berishdi. Shundan so‘ng, hududlar tadbirkorlari o‘rtasida V2V uchrashuvlari o‘tkazildi. Har ikki tomon tadbirkorlari mavjud loyihalari haqida ma’lumot almashib, hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikrlashdi.

Biznes forum doirasida Nantun shahri va Kattaqo‘rg‘on shahri hamda Kattaqo‘rg‘on tumanlari o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi. Shuningdek, har ikki tomondan ishtirok etgan tadbirkorlar, yirik ishlab chiqarish kompaniyalari vakillari hamkorlik kelishuvlariga erishdi.

Nantun shahri xalq hukumati meri o‘rinbosari Li Lin xonim boshchiligidagi delegatsiya viloyatning iqtisodiy imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirildi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari