Jurnalist ayollarga ehtirom ko‘rsatildi

458

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.

Unda faol jurnalist ayollar, Uyushma mas’ullari va OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov, uyushmaning Jurnalist ayollar kengashi raisi Feruza Odilova mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoyalash, ularning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Uyushma tomonidan ommaviy axborot vositalarida faoliyat olib borayotgan jurnalist ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ijodiy salohiyatini namoyon qilishiga ko‘maklashish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ham batafsil so‘z yuritdi. Davra suhbati ishtirokchilari – faol jurnalist ayollarni Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan samimiy qutladi.

Darhaqiqat, bugungi kunda xotin-qizlarning boshqaruv sohasidagi ulushi 33 foizga, siyosiy partiyalar safida 47 foizga, tadbirkorlikda 37 foizga yetgani, ommaviy axborot vositalarida ham salmoqli o‘rin egallagani e’tirofga molik.

Davra suhbatida jurnalist opa-singillarimizning yozgan maqolalari, tayyorlangan teleko‘rsatuv va radioeshittirishlarida nafaqat kasb mahorati, balki qalb qo‘ri, ayollik nazokati ham yaqqol sezilib turishi, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligi keng ko‘lamli islohotlar jarayonida har qachongidan muhimligi haqida fikr-mulohazalar bildirildi.

Davra suhbatida jurnalistlarga huquqiy yordam ko‘rsatish uchun “Ishonch telefoni” faoliyatini yo‘lga qo‘yish, “Faol jurnalist ayollar” klubini tashkil etish, faxriy jurnalist ayollarning tajribasidan samarali foydalanish, respublikamiz hududlari bo‘ylab jurnalist ayollar uchun press-turlar o‘tkazish bo‘yicha takliflar o‘rtaga tashlandi va muhokama qilindi.

– Bugun O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi qoshidagi Jurnalist ayollar kengashi tomonidan tashkil etilgan davra suhbatida qatnashdik. Muhim masalalar yuzasidan o‘zaro fikr almashdik, – deydi taniqli jurnalist Nilufar Umrzoqova. – Bayram arafasida bizga Uyushmaning sovg‘alari taqdim etildi. Bundan juda mamnunmiz, minnatdorlik bildiramiz. Mana shu fursatdan foydalanib, mamlakatimizdagi barcha ayollar, jurnalist ayollarni bayram bilan tabriklayman. Ishtiyoqingiz hech qachon so‘nmasin! Ishtiyoq so‘nmasa, qalamlar tebranadi, chiroyli ko‘rsatuvlar bo‘ladi, radioeshittirish va maqolalar yoziladi. O‘zbekistondagi har bir ayol e’tibor va e’tirofga loyiq!

Darhaqiqat, jurnalistikaning noni qattiq, deyishadi. Bu jihatlarni har bir jurnalist o‘zining kundalik faoliyati davomida his etadi. Bugungi kunda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi mamlakatimizning eng chekka va olis hududlarida ham soha xodimlari holidan xabar olishi, yoshi ulug‘ faxriy jurnalistlar ko‘nglini ko‘tarishi, yoshlarga kasbiy mahorat sirlarini o‘rgatishi yaxshi an’anaga aylandi.

Tadbir yakunida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni, bunyodkorlik ishlarini, jamiyat hayotida ro‘y berayotgan yangilanishlarni yoritishda faollik ko‘rsatib, keng jamoatchilik e’tirofiga sazovor bo‘lgan bir guruh jurnalist ayollarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

N.Usmonova, O‘zA