Xotin-qizlarga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, ularni e’zozlash xalqimizga xos fazilat

8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni
Xotin-qizlarga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, ularni e’zozlash xalqimiz mentalitetining ajralmas qismidir. Keyingi yillarda ayollarni ardoqlash borasidagi ishlar mutlaqo yangicha bosqichga ko‘tarilgani Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning xalqimiz, ayniqsa, ayollarni, munis qizlarimizni hayotdan rozi qilish borasidagi g‘amxo‘rligining amaliy namunasidir.
2023-yil 21-dekabrda oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlatimiz rahbari tomonidan ikkita normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Bular “Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon va “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarordir.
Farmon asosida Oila va xotin-qizlar ilmiy-tadqiqot instituti negizida Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi.
Qo‘mita tizimi xodimlari, shuningdek, mahalladagi xotin-qizlar faollarining malakasini oshirish, ularning faoliyatini uslubiy qo‘llab-quvvatlash, oila, xotin-qizlar va gender tenglik masalalariga oid muammolarni chuqur tahlil qilish, natijalari bo‘yicha muammolar yechimi yuzasidan davlat organlari va tashkilotlari uchun tavsiyalar ishlab chiqish va kiritish, oila, xotin-qizlar va gender tenglik masalalari bo‘yicha aholi o‘rtasida o‘tkaziladigan targ‘ibot ishlari uchun uslubiy qo‘llanmalar va targ‘ibot materiallarini tayyorlash asosiy vazifalari etib belgilandi.
Shu bilan birga oila, xotin-qizlar va gender tenglik masalalari bo‘yicha fanlararo fundamental, ilmiy-amaliy tadqiqotlar, sotsiologik so‘rov, ilmiy konferensiyalar o‘tkazish, innovatsion loyihalarni amalga oshirish, olimlar va ilmiy salohiyatli kadrlarni tayyorlash, oila, xotin-qizlar va gender tenglik masalalarida ilmiy tadqiqot o‘tkazayotgan izlanuvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ishlanmalari amaliyotga joriy etilishiga ko‘maklashish, oila, xotin-qizlar va gender tenglik masalalariga oid xalqaro indeks va reytinglarda O‘zbekiston o‘rnini yaxshilash bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish va tegishliligi bo‘yicha vazirlik va idoralarga kiritib borishga ham mazkur institut tomonidan katta e’tibor qaratilmoqda.
Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur institut tomonidan xotin-qizlar faollarining malakasini oshirish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Jumladan, mahalladagi xotin-qizlar faollarining malakasini oshirish bo‘yicha dastlabki 18 ta onlayn va oflayn mavzular ro‘yxati shakllantirildi. 9 ta onlayn mavzular bo‘yicha ma’ruzalar, testlar, topshiriqlar va glossariylar tuzildi. 6 ta mavzu bo‘yicha video syomka olindi va hozirda montaj ishlari amalga oshirilmoqda. “Raqamli o‘quv platforma”ning namunaviy ko‘rinishi yaratildi.
2024-yilda oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va gender tengligini ta’minlash bo‘yicha 10 ta amaliy loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Oila institutini mustahkamlash va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida 36 ta tahliliy ma’lumotnoma tayyorlanadi hamda faoliyatida foydalanish uchun tegishli vazirlik va idoralarga taqdim etiladi. Oilalarning baxtlilik indikatori metodologiyasi takomillashtiriladi va 14 ta hududiy birliklarda amaliyotga joriy qilinadi.
Oila, xotin-qizlar va gender tenglik masalalariga oid xalqaro indeks va reytinglarda O‘zbekiston o‘rnini yaxshilash bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqiladi va tegishliligi bo‘yicha vazirlik va idoralarga kiritib boriladi. “Mas’uliyatli ota-onalik” mezonlari ishlab chiqiladi va respublikaning barcha hududlariga joriy etiladi. Oilaviy qadriyatlar va gender indekslar katalogi veb-portali ishlab chiqiladi va ishga tushiriladi. Oila va xotin-qizlar tizimida faoliyat olib borayotgan mas’ul xodimlar, shu jumladan, mahalladagi xotin-qizlar faollari uchun masofaviy shaklda malaka oshirish tizimi yaratiladi.
Shu bilan birga Gender tengligini ta’minlash borasidagi ilmiy-tadqiqotlar kengaytirish hamda bu yo‘nalishda tadqiqot olib borayotgan tadqiqotchilarni jalb qilish maqsadida “Gender tadqiqotlar” ilmiy-o‘quv laboratoriyasi tashkil etiladi. Davlat va jamiyat boshqaruvida xotin-qizlarning rolini yanada oshirishga qaratilgan “Ayollar ensiklopediya”si ishlab chiqiladi. Institut tomonidan bir qator xalqaro va respublika ilmiy-amaliy konferensiyalari o‘tkaziladi hamda ular natijalariga ko‘ra ishlab chiqiladigan tavsiyalar mutasaddi tashkilotlarga taqdim etiladi.
Aytish kerakki, 2023-yilning may-dekabr oylari davomida Oila va xotin-qizlar ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “Oilalarning baxtlilik darajasi” mavzusida mamlakatning barcha 14 hududiy birliklarida 3 054 nafar respondentlardan o‘tkazilgan so‘rov natijalari hamda rasmiy statistik ma’lumotlar tahlili asosida oilalarning umumiy baxtlilik darajasi aniqlandi. Ushbu ko‘rsatkich 8 ta indikator va 21 ta subindikatorlardan tashkil topgan umumiy indeks vositasida baholandi.

Oilalarning baxtlilik indeksi oilalar iqtisodiy farovonligi; demografik barqarorligi; sog‘lom hayot kechirish davomiyligi; ta’lim olish imkoniyatlari; ish bilan ta’minlanganligi; oilaviy hayotdan qoniqishi va oilaviy baxtlilikni his qilishi; oilaviy qadriyatlarning o‘rni hamda ahamiyati; oilalarning davlat organlari faoliyati va xizmatlaridan qoniqish darajasini qamrab oldi.
Tadqiqotga 20 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan respondentlar jalb etilib, ularning aksariyatini 25-40 yosh oralig‘idagi juftliklardan iborat oilalar tashkil etdi. Hududlar orasida Xorazm, Sirdaryo, Namangan viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida oilalarning baxtlilik indeksi ko‘rsatkichi eng yuqori natijalarni ko‘rsatdi. Toshkent shahri, Jizzax va Farg‘ona viloyatlari esa mazkur reytingning so‘nggi o‘rinlaridan joy olib, ularda o‘rta darajadagi ijobiy ko‘rsatkichlar qayd etildi. O‘zbekiston bo‘yicha oilalarning umumiy baxtlilik indeksi plyus 0,56 koeffitsiyentni tashkil etib, jamiyatda ko‘p jihatdan ijobiy kayfiyat ustuvorlik qilayotganidan dalolat bermoqda.
Tahlillar natijasida O‘zbekiston oilalarining aksariyati o‘zini baxtli his qilishi, hayotga ko‘tarinki ruh va kelajakka ishonch bilan qarashi, hayotiy maqsadlari hamda rejalari borligi, muammo va qiyinchiliklarni xalqimizga xos bo‘lgan shukronalik hissi orqali yengib o‘tishi aniqlandi. Oilalarning demografik barqarorlik holati, oilaviy qadriyatlarning o‘rni va ahamiyatlilik darajasi hamda oilaviy hayotdan qoniqish va oilaviy baxtlilikni his qilish darajasi (+0,667) indikatorlari eng yuqori natijalarni ko‘rsatdi.
Oilalar baxtlilik darajasiga ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy omillarga birinchi navbatda farzandlarning borligi, o‘zbek xalqining oilaviy qadriyatlarga sodiqligi, oiladagi samimiy munosabatlar va g‘amxo‘rlik, sog‘lom hayot kechirish imkoniyati hamda iqtisodiy farovonlik holatlari ijobiy baholanganligi qayd etildi.
Tadqiqotda kishilarning iqtisodiy farovonligi, mehnat faoliyatidan qoniqish darajasi ortgani sari ularning o‘z hayoti va oilaviy turmush tarzi barqarorligidan qoniqish hissi shu darajada ortishi kuzatildi. Mazkur holat oilalarning o‘zini baxtli his qilishida ma’naviy omillar bilan birgalikda iqtisodiy omillarning ham dolzarblashayotganini namoyon qildi.
Indikatorlar orasida oilalarning ish bilan ta’minlanganlik darajasi (+0,323) hamda ta’lim olish imkoniyati (+0,114) nisbatan past natijalarni namoyon qildi. Aholi o‘rtasida oliy ma’lumotli bo‘lish, o‘z farzandlarini o‘qitish ishtiyoqi yuqoriligi ijobiy holat hisoblanadi.
Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti direktori Nodira Egamberdiyeva va institut bo‘lim boshlig‘i Bobur Xonto‘rayevlar tomonidan “Ayollar, biznes va qonun” indeksi tahliliy axborot nomli risola nashr ettirilgan. Unda “Ayollar, biznes va qonun” indeksi (WBL) 2009-yilda Jahon banki tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, 2010-yildan buyon muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda. Ushbu indeks ayollarning iqtisodiy imkoniyatlariga ta’sir ko‘rsatadigan qonunlar va qoidalar haqida ma’lumot to‘playdi. Shuningdek, ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini yaxshilash, kengaytirish va gender huquqlarini ta’minlash bo‘yicha tadqiqotlar olib boradi.
“Ayollar, biznes va qonun” indeksi tadqiqot va siyosat muhokamalarini, iqtisodiy imkoniyatlar holati va ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish haqida axborot berishga qaratilgan. “Ayollar, biznes va qonun” indeksi barcha uchun iqtisodiy imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlarni ta’kidlab, mamlakatlarning erishilgan yutuqlarini namoyish etadi.
Bularning barchasi keyingi yillarda O‘zbekistonda xotin-qizlarga bo‘lgan hurmat va ehtirom tobora ortib borayotgani va bunday ibratli tashabbuslar xalqaro miqyosda yuksak e’tirof etilayotganining amaliy natijasidir.
N.Usmonova, O‘zA