Buxoro tajribasi o‘rganildi

293

Buxoroda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqeini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ilg‘or tajribalarni ommalashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlarining davlat tilini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchilarining o‘quv-amaliy seminari o‘tkazildi.

Tadbirda viloyatda amalga oshirilayotgan ilg‘or tajribalar borasida taqdimot o‘tkazildi.

Ta’kidlanishicha, viloyatdagi barcha shahar va tumanlar, korxona va tashkilotlarda ish yuritish to‘liq davlat tilida olib borilmoqda. Xususan, olib borilgan seminarlar, tushuntirish- targ‘ibot ishlaridan so‘ng 2023-yildan boshlab lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tilgan.

Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash borasidagi komissiya sa’y-harakati tufayli 3 mingdan ortiq aholi punkti va ularning tarkibiy qismlari to‘liq davlat reestriga kiritildi.

Ko‘cha yozuvlari, nomlavha va peshlavhalar, yo‘l ko‘rsatkichlari har bir davlatning hududiy mansubligini bildiruvchi vositalardan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi va “Reklama to‘g‘risida”gi qonunlariga asosan tashqi yozuvlarni qonunchilik talablariga moslashtirish borasida ham qator ishlar amalga oshirilmoqda.

–Tashqi reklama vositalarini chop etuvchi va tayyorlovchi har bir tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, “telegram” tarmog‘ida alohida uslubiy ko‘maklashuv guruhi tashkil etdik, –deydi viloyat hokimining maslahatchisi Akbar Rustamov. –Bunda tadbirkorlar buyurtma sifatida kelib tushgan har bir reklama yoki axborot matnini guruhga uzatib, tegishli tilshunos mutaxassislardan ijobiy lingvistik xulosa olganlaridan so‘nggina chop etish amaliyoti joriy etildi.

Olib borilgan ishlar natijasida viloyat hududidagi barcha 6×3 o‘lchamdagi tashqi reklama konstruksiyalari, LED ekranlardagi yozuvlar “Davlat tili haqida”gi va “Reklama to‘g‘risida”gi qonunlar talablariga to‘la moslashtirildi. Faqatgina, joriy yilning ikki oyi davomida xorijiy tilda va xatoliklar bilan yozilgan 2800 dan ortiq peshlavha va reklama yozuvlari tartibga keltirildi.

Davlat organlari xodimlarining davlat tili savodxonligini oshirish borasidagi ishlar ham nazoratda. Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi Buxoro hududiy bo‘linmasi bilan hamkorlikda 10 ming nafarga yaqin xodimning malakasi oshirildi.

Qolaversa, o‘tkazilgan tanlovlar orqali davlat tilini o‘zlashtirishda yuqori natijalarga erishgan 50 nafarga yaqin davlat xizmatchisi qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Albatta, bu kabi erishilgan ijobiy natijalar respublika miqyosidagi turli tanlovlarda munosib e’tirof etilmoqda.

Xususan, so‘nggi ikki yil ichida Buxoro viloyati “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” tanlovida yuqori o‘rinlarni egalladi (2022-yilda Jondor tumani 2-o‘rin, 2023-yilda Shofirkon tumani 1-o‘rin).

Shuningdek, seminarda Respublika toponimika markazi, Toshkent shahri raqamli rivojlantirish departamenti rahbarlarining geografik obyektlar va tashqi reklamalarni tartibga solish borasidagi taqdimotlari eshitildi.

Seminar davomida ishtirokchilar bevosita joyiga chiqib G‘ijduvon tumanidagi tashqi yozuvlarni tartibga keltirish, Shofirkon tumanidagi davlat tilida ish yuritish, Jondor tumanidagi geografik oyektlarni nomlash borasidagi ilg‘or tajribalarni ham o‘rgandi.

Tadbirda Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti bosh mutaxassisi U.Mahmudov qatnashdi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri