Yovvoyi hayvonlarning noqonuniy savdosi daromad bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinda turadi 

266

“Markaziy Osiyoda hayvonot dunyosiga qarshi jinoyatlarga qarshi kurashda salohiyat va yordamni kuchaytirish” xalqaro loyihasi O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlarini yagona vazifa – Markaziy Osiyoda hayvonot dunyosining noqonuniy savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish uchun birlashtiradi.

Poytaxtimizda “Markaziy Osiyoda hayvonot dunyosiga qarshi jinoyatlarga qarshi kurashda salohiyat va yordamni kuchaytirish” xalqaro loyihasi bo‘yicha tadbir o‘tkazildi. Tadbirni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bo‘lim boshlig‘i Abdurashid Sodiqov kirish so‘zi bilan ochdi va yig‘ilish kun tartibining dolzarbligini ta’kidladi.

– Yovvoyi hayvonlarning noqonuniy savdosi hozirda dunyoda daromad bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinda turadi, – deydi Abdurashid Sodiqov. – Bu bioxilma-xillikning asosi bo‘lgan yovvoyi tabiat savdosiga qarshi kurashish uchun ko‘proq harakat qilish kerakligini anglatadi. Ushbu maqsad yo‘lida mahalliy va xalqaro tashkilotlar bilan izchil hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Kelgusida havo, temir yo‘l va boshqa transport yo‘llari orqali hayvonlarni noqonuniy olib kirish yoki olib chiqib ketishning oldini olish borasida zaruriy chora-tadbirlarni bajarish rejalashtirilgan.

Markaziy Osiyoda yovvoyi tabiatning noqonuniy savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha Fauna va Flora dasturi menejeri Mett Lotton o‘z nutqida ekologik barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash hamda CITES konvensiyasi (yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo to‘g‘risidagi konvensiya) bo‘yicha majburiyatlarni bajarishda O‘zbekistonning hissasi katta va ko‘magi muhim ekanini qayd etdi.

–Loyihaning birinchi bosqichi muvaffaqqiyatli tarzda amalga oshirildi, – deydi Mett Lotton. – Asosiy bo‘limlar o‘rtasida aloqa, tajriba va ma’lumotlar almashinuvi yo‘lga qo‘yilmoqda, ma’lumotnoma-axborot adabiyotlari tayyorlanmoqda. Hayvonlar va ularning hosilalari (shoxlari, terilari) kontrabandasini aniqlash uchun hidlovchi itlar maxsus o‘qitilmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida transchegaraviy mintaqaviy hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, huquqbuzarliklarni aniqlash, chek qo‘yish, tergov qilish va qonunbuzarliklarga nisbatan qonun ijrosini ta’minlash funksiyalari kengaytirilmoqda.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan yovvoyi tabiatning noqonuniy savdosini aniqlash va ularga qarshi kurashish samaradorligini oshirish Markaziy Osiyo uchun muhim logistika muammosi bo‘lib, katta sarmoya kiritish va idoralar o‘rtasida samarali muvofiqlashtirishni talab qiladi.

Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston 19 ming 193 km quruqlikdagi chegaraga ega va cheklangan, turli darajadagi ustuvorlik, moliya va resurslarni ajratadi. Yovvoyi tabiat manbalari hududlarida nazorat-o‘tkazish punktlarida joylashgan huquq-tartibot idoralari xodimlari kamdan kam hollarda yovvoyi tabiat savdosiga to‘sqinlik qilish, oldini olish yoki ularga qarshi kurashish uchun zarur bo‘lgan bilim, ma’lumot va texnologiyalarga ega bo‘ladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA