Koronavirus: Butun dunyoda 7 milliondan ortiq o‘lim qayd etildi
Bugungi kunda dunyodagi 221 davlatda koronavirus infeksiyasidan zararlangan kishilar soni 703,8 million nafarga yetdi. Ulardan 7 milliondan ortig‘i vafot etdi. So‘ngi kunlarda bir sutka ichida 7-10 mingta yangi kasallanish holatlari qayd etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi bilan chegaradosh bo‘lgan Qozog‘istonda 1,4 mln. Afg‘onistonda 231,5 ming, Qirg‘izistonda 206,9 ming, Tojikistonda 17,8 ming holatda koronavirus kasalligi ro‘yxatga olingan.
2024-yil 1-mart holatiga O‘zbekistonda kasallanish 261 085 nafarga yetdi, sog‘ayish 99,1 foizni tashkil qilmoqda. 1637 nafar (0,06 foiz) fuqaro ushbu kasallikdan vafot etgan. Bu haqda Sanitariya-epidemilogik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov AOKAda o‘tkazilgan brifingda ma’lumot berdi.
Ta’kidlanishicha, kasallikning tarqalganlik darajasi 1 ni tashkil etmoqda. JSST ekspertlari xulosasiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 1 gacha bo‘lsa vaziyat barqarorligini anglatadi.
Kasallikning yuqtirib olish manbai 35-43 foiz holatda kasallangan oila a’zosi yoki qarindoshlari, 6-7 foiz holatda bemor qo‘shnilari, 10-12 foizi holatda jamoat joylaridagi muloqot, 4-5 foiz holatda ish joyidagi muloqot ekanligi aniqlanmoqda.
– Virus genomini o‘rganish (sekvenlash) bo‘yicha o‘tkazilgan so‘nggi tahlillarning 100 foizida “omikron” shtammi aniqlangan, – deydi N.Otabekov. – Butun dunyoda COVID-19ga qarshi kurashishning eng samarali usullaridan biri sifatida unga qarshi vaksinalar bilan emlash, deb qaralmoqda. Respublikada COVID-19ra qarshi emlash jarayoni uchun jami 86,6 mln. doza vaksina olib kelindi va ishlab chiqarildi. Bugungi kunga qadar 85,2 mln. doza vaksina qo‘llanildi.
Shundan, to‘liq vaksina kursini olganlar – 18,1 mln. nafar (rejaga nisbatan – 78 foiz), buster doza olganlar – 18,6 mln. nafar (rejaga nisbatan – 80 foiz), revaksinatsiya qilinganlar– 14,7 mln. nafarni tashkil etdi.
Hozirda, Sanitariya-epidemilogik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining vaksina saqlash omborxonalarida Johnson & Johnson va Pfizer-BioNTesh vaksinalari zaxirasi mavjud.
Shuningdek, brifingda qizamiq bo‘yicha epidemiologik vaziyat haqida ham ma’lumot berildi.
– Qizamiq kasalligiga shubha qilingan shaxslar bilan aloqada bo‘lganlar epidemiologik ko‘rsatma asosida profilaktik emlash bilan qamrab olindi, – dedi N.Otabekov. – Respublikamizning barcha hududlarida qizamiq va qizilchaning oldini olish bo‘yicha qator treninglar va seminarlar o‘tkazildi. 9 500 nafar tibbiyot xodimi qizamiq-qizilcha kasalligini epidemiologik nazorat qilish, immunoprofilaktika tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha o‘qitildi. Birlamchi tibbiy muassasalarda qizamiqning oldini olish bo‘yicha 120 000 ta risola chop etildi va tarqatildi. Ish rejasiga asosan mahallalarda 10 230 ta, bog‘cha va maktablarda 7 985 ta, sog‘liqni saqlash muassasalarida 3 793 ta qizamiq kasalligi haqida va qizamiqqa qarshi emlash bo‘yicha uchrashuvlar tashkil etildi.
2023-yil davomida qizamiqqa qarshi jami 1 575 558 nafar bola milliy emlash kalendariga muvofiq emlandi. Ulardan 879 314 nafari 1 yoshdagi va 696 244 nafari 6 yoshdagi bolalar KPK vaksinasi bilan reja asosida emlandi.
2 444 439 nafar aholi esa epidemik ko‘rsatma bo‘yicha KK (qizamiq +qizilcha) vaksinasi bilan emlangan bo‘lsa, joriy yilning hoziriga qadar jami 123 534 nafar bola milliy emlash kalendariga muvofiq emlandi.
Mohigul Qosimova, O‘zA