Joriy yil 4-mart kuni “2024 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, Navro‘z umumxalq bayrami mamlakatimizda “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida ko‘tarinki ruh va yuqori darajada keng nishonlanadi. Bayram munosabati bilan Toshkent shahridagi “Yangi O‘zbekiston” majmuasida alohida dastur asosida xalq sayillari tashkil etiladi.

Shuningdek, bayram arafasida keksa avlod vakillaridan,  xususan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylaridan, “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashayotgan shaxslar, ijtimoiy himoya daftarlariga kiritilgan hamda ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olinib,  ular uchun bayram dasturxonlari tashkil etiladi hamda turli xayriya tadbirlari amalga oshiriladi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasida belgilangan tadbirlar tashkil etiladi,  respublikaning barcha hududlarida, ko‘cha, mahalla, tuman va shaharlarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga qaratilgan umumxalq hasharlari o‘tkaziladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA