Keyingi yillarda yoshlar siyosatiga doir yuzdan ziyod qonunchilik hujjatlari qabul qilindi. Yoshlarning huquq va erkinliklari yanada mustahkamlandi hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asosi takomillashtirildi.

Oliy ta’lim qamrovi keyingi yillarda 4 barobarga oshdi. O’zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Begzod Tagayev tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga Guliston davlat pedagogika instituti talaba-yoshlarining sayohati tashkil etildi.

Tashrif doirasida talaba-yoshlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati faoliyati, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da yoshlarga oid davlat dasturlariga bog‘liq parlamentga doir normativ-huquqiy qonun hujjatlari to‘g‘risida ma’lumotlar bilan tanishtirildi.

Yoshlar bandligini ta’minlash, ularning muammolarini hal etishga qaratilgan mutlaqo yangi tizim – “Yoshlar daftari” joriy etildi. Shu yilning o‘zida 282 ming yoshga 416 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatildi. Respublika bo‘yicha yoshlarning 124 ming nafari kasb-hunarga, 133,8 ming nafari tadbirkorlikka o‘qitildi. Yoshlar tadbirkorligini kreditlashning yangi tizimi yo‘lga qo‘yilib, 253 ming 789 nafar o‘g‘il-qizga 6,2 trillion so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratildi. Ushbu amaliy ishlar natijasida 30 yoshgacha bo‘lgan tadbirkorlar 8 barobarga ko‘payib, ularning soni 750 mingdan oshdi.

Yoshlarimiz ham yaratilgan mazkur imkoniyatlardan unumli foydalanib, jamiyatda o‘zini to‘la namoyon etmoqda. Mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan iste’dodli, fidoyi yoshlarning 758 nafari turli davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan. Xususan, mahalliy Kengashlar va parlamentda ko‘rib chiqilayotgan qonunlar bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jamoatchilik muhokamalarini tashkil etish, yoshlar o‘zlarining muhim masalalari yuzasidan fikrlari, g‘oyalari va takliflarini Yoshlar parlamentidagi vakillari orqali Senatga va uning qo‘mitalariga yetkazib borishi zarur.

Yoshlar siyosati sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish, xorijiy mamlakatlar yoshlari bilan aloqa o‘rnatish, o‘zaro tajriba almashish, shuningdek, yosh deputatlar salmog‘ini oshirib borish maqsadga muvofiq. Tashrif davomida talaba-yoshlarning Oliy Majlis Senati senatorlari bilan ochiq va samimiy muloqoti tashkil etildi.

Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri