O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Aktam Hayitov boshchiligidagi ishchi guruh Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib, aholi tomorqalaridan unumli foydalanish, bandlikni ta’minlash, daromadlarni oshirish, mahsulot yetishtirish hajmini ko‘paytirish, makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar holatini o‘rganmoqda.
Jumladan, u Beruniy tumanida 2024-yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar ijrosi bilan yaqindan tanishdi. Dastlabki manzil tumanda faoliyat yuritayotgan “Rayhon Apparel” mas’uliyati cheklangan jamiyati bo‘ldi. Unda ishtirokchilarga “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining ahamiyati, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Oliy Majlis Senati Kengashining qo‘shma qarori asosida tuzilgan ishchi guruhlarning faoliyati bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.
Mazkur tikuv fabrikasi o‘z ishini 2023-yilda boshlagan. Hozir korxonada 500 ishchi o‘rni mavjud. Bu yerda ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlar Xitoy va Rossiya davlatlariga buyurtma asosida eksportga yo‘naltirilmoqda. Korxonadagi zamonaviy uskunalar Shveysariya, Yaponiya va Germaniya davlatlaridan keltirilgan.
Ishchi guruh a’zolari tikuv fabrikasida olib borilayotgan ish jarayonlari bilan tanishdi. Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini yurituvchilar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar sabab mahsulotlarning jahon bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lishiga zamin yaratayotgani qayd etildi.
Ishchi guruh tumandagi Perinatal markazining rekonstruksiya ishlarini, agrar sohada oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish maqsadida tomorqa yerlaridan unumli foydalanayotgan xonadonlar faoliyatini ham ko‘zdan kechirdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri