Bugungi kunda giyohvandlik vositalarini Internet tarmog‘i orqali tarqatish va reklama qilish, yoshlar orasida bu kabi moddalardan foydalanish holatlari ko‘payib bormoqda. Shunday usullardan biri “narkograffiti” usuli bo‘lib, bunda noqonuniy tashkil etilgan internet-do‘kon manzili haqida ma’lumot devor va yo‘laklarga chizish orqali tarqatilmoqda.

Shuningdek, ularni iste’mol qilish bilan bog‘liq jinoyatlarga yoshlarni, ayniqsa, voyaga yetmaganlarni jalb qilish ham ortib bormoqda.

Parlament quyi palatasining majlisida ko‘rib chiqilgan navbatdagi hujjat ayni masalalar bilan bog‘liq. Ya’ni, bir qator qonun hujjatlariga giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar, shuningdek, kuchli ta’sir qiluvchi va zaharli moddalarning qonunga xilof ravishda muomalasiga qarshi kurashishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan.

Mas’ul deputat Davron Aripov qayd etganidek, ushbu qonun loyihasi bilan giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni telekommunikatsiya tarmoqlari va Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib, qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganlik, ushbu jinoyatlarni voyaga yetmaganlarni jalb qilgan holda sodir etganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.

Shuningdek, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar, kuchli ta’sir qiluvchi va zaharli moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Ushbu belgilanayotgan tartiblar giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, kuchli ta’sir qiluvchi va zaharli moddalarni targ‘ib yoki reklama qilinishi yoxud noqonuniy muomalasining barvaqt oldini olishga xizmat qiladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA