Yangilangan Konstitutsiyamizda hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi qat’iy belgilab qo‘yildi. Endilikda mazkur konstitutsiyaviy norma qonunchiligimizda o‘z ifodasini topmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ayni masalalarga qaratilgan.

— Ushbu qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksi va “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda, — dedi deputat N.Aminov. — Jumladan, Uy-joy kodeksining 11-moddasida turar joylarning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirish, ularni qayta qurish yoki buzish shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq amalga oshirilishi belgilanmoqda. Amalda turar joylarning ko‘rinishini o‘zgartirish, ularni qayta qurish yoki buzishga mahalliy davlat hokimiyati organlarining tegishli ruxsatnomasi bo‘lgan taqdirda yo‘l qo‘yilar edi.

Shuningdek, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishini ta’minlash belgilab qo‘yilmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymatini hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rnini belgilangan tartibda qoplash orqali xususiy mulkning himoya qilinishini va mulkdorlar huquqlari kafolatlarini ta’minlashga xizmat qiladi, — dedi ma’ruzachi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA