O‘tgan yili respublikaning yashillik darajasi 15,4 foizga yetkazilgan
O‘tgan 2023-yilda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” Davlat dasturi hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida respublika bo‘ylab jami 219,1 million tup, shundan bahor mavsumida 127,7 million tup, kuz mavsumida 91,4 million tup manzarali va mevali daraxt, buta ko‘chatlari ekilgan. Buning natijasida hisobot davrida respublikaning yashillik darajasi 15,4 foizga yetkazilgan.
Atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha I va II toifaga kiruvchi sanoat korxonalarida “yashil belbog‘”larni barpo etish maqsadida 1 million tup ko‘chatlar ekilgan. Shuningdek, respublikada jami 12,5 ming gektar maydonda ihota daraxtzorlari barpo etilgan. Niholxona va ko‘chatxonalarning maydoni 1,3 ming gektarga yetkazilib, ularda jami 120 million tup nihol va ko‘chatlar yetishtirilgan.
Orol dengizining qurigan tubi va Orolbo‘yi hududlarida qum ko‘chishi hamda cho‘llanish, qurg‘oqchilik, chang-qum bo‘ronlari ko‘tarilishini bartaraf etish maqsadida 200,7 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” barpo etilgan.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida aytib o‘tildi. Unda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” Davlat dasturi hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 2023-yilda bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti muhokama qilindi.
Fraksiya a’zolari qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari sifatini yaxshilash borasidagi ishlar bilan ham qiziqdilar. Ta’kidlanganidek, hisobot davrida maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlarining qamrov darajasi 92,4 foizga yetkazilgan. Atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish, uning tabiiy tarkibini saqlash maqsadida atrof-muhitga ta’siri yuqori bo‘lgan 113 ta xo‘jalik yurituvchi subyektdagi chang-gaz tozalash uskunalari to‘liq modernizatsiya qilingan.
Muhokamalar davomida deputatlar iqtisodiyot tarmoqlaridan havoga chiqariladigan zararli gazlar hajmini qisqartirish, maishiy chiqindilarni yig‘ish va ularni qayta ishlash, respublika hududida ekologik holatni barqarorlashtirish, suv resurslarini boshqarishni tubdan isloh qilish va suvni iqtisod qilish bo‘yicha vazifalar ijrosini samarali tashkil etish borasida qator taklif va tavsiyalar berdi.
M.Komilova, O‘zA