Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘ining Amudaryo tumanida navbatdagi sayyor qabuli o‘tkazildi.

Sayyor qabul davomida 9 nafar jismoniy va yuridik shaxsning murojaati tinglandi. Shundan 3 ta murojaat mas’ullar tomonidan joyida qanoatlantirilib, 2 ta murojaatga huquqiy tushuntirish berildi. Qolgan murojaatlar nazoratga olindi.

Qabul davomida ko‘rib chiqilgan murojaatlarning asosiy qismi sud qarorlari ijrosini ta’minlash yuzasidan bo‘lib, shu jumladan, aliment qarzdorligini undirish bo‘yicha 6 ta, tadbirkorlar va fuqarolar foydasiga qarz undirish bo‘yicha 2 ta, ish haqi undirish va boshqa masalalar bo‘yicha 1 tadan murojaat tashkil etdi. Jumladan, sud qaroriga asosan, amaliy yordam so‘ralgan murojaatlar bo‘yicha fuqarolar foydasiga qarzdorlikni undirish yoki qarzdorlarning javobgarlik masalasini hal qilish yuzasidan mas’ul rahbarlarga tegishli topshiriq berildi.

Masalan, qabulda ishtirok etgan tumandagi “Oq oltin Amudaryo” fermer xo‘jaligi rahbari A.Xalimbetov “Amudaryo tex” MCHJ klasteridan qarzdorlikni undirib, uni o‘zi rahbarlik qilayotgan fermer xo‘jaligining soliq qarzdorligini qoplashga yo‘naltirib berishni so‘ragan murojaati ko‘rib chiqildi. Natijada undirilgan 130 million so‘m pul mablag‘i Amudaryo tumani soliq inspeksiyasiga o‘tkazilishi ta’minlandi.

Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi rahbariyatining shahar va tumanlar bo‘ylab sayyor qabullari davom etmoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.