Armaniston Xavfsizlik Kengashi kotibi Armen Grigoryan respublikaning 1991-yildan buyon Rossiyaga kuchli bog‘lanib qolgani strategik xato bo‘lgan, dedi.

– Barcha yo‘nalishda – siyosiy, iqtisodiy, harbiy-siyosiy, ilm-fan sohalarida Armaniston Rossiyaga qarab qolgan edi, bu umumiy xavfsizlimizning bir qismi edi, – dedi Grigoryan Armaniston jamoatchilik televideniyesiga bergan intervyusida. – 2020-yil ushbu tizim ishlamayotganini ko‘rganimizdan keyin, Armaniston xavfsizligini ta’minlashning muqobil yo‘llarini topish choralarini ko‘ra boshladik.

Xavfsizlik tizimi ikki tomonlama, ya’ni Armaniston – Rossiya formatida ham, ko‘p tomonlama – KXSHT doirasida ham ishlamagan. Muqobil yo‘llarni topish uchun ko‘p harakat qilyapmiz, chunki 1991-yildan boshlab barcha yo‘nalishda uzoq vaqt bir markazga bog‘lanib qolgandik, bu jiddiy strategik xato ekan. Rossiya Armanistonga yordam bermaslikka qaror qilgach, xavfsizlik tizimimiz butunlay quladi va biz muqobil yo‘nalishlar qidira boshladik.

Shuningdek, Yerevan iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish ustida ham ish olib boryapti. 2023-yilning to‘qqiz oyida 250 million dollar yetakchi investorimiz Birlashgan Arab Amirliklari hissasiga to‘g‘ri keldi. Bu borada ikkinchi o‘rin Lyuksemburgga tegishli, Rossiya esa 50 million dollar bilan biz uchun uchinchi yirik sarmoyador mamlakat.

– Ushbu jarayon – Rossiya tanlovi natijasi, – dedi Grigoryan. – RF Armanistonga investitsiya kiritmaslikka qaror qildi. Ta’kidlash joiz, Armaniston raqobatni ta’minlab, keng imkoniyat yaratmoqda va shu yo‘l bilan dunyoga yuz ochmoqda.

“RIA Novosti” yozishicha, avvalroq Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova EI geosiyosiy maqsadda Armanistonga joylashib olish, Rossiyani mintaqadan siqib chiqarish va RFning mintaqa xavfsizligini ta’minlashdagi tarixiy ahamiyatini susaytirishga intilayotganini ta’kidlagan.