Isroil G‘azo sektorida tinchlik o‘rnatish bo‘yicha Misrda bo‘lib o‘tadigan muzokaraga delegatsiya jo‘natmaslikka qaror qildi, deb xabar tarqatdi “New York Times” gazetasi ismini oshkor etmagan isroillik mulozimga tayanib.
“Qatar Bosh vaziri “Mossad” rahbari David Barneani XAMAS Isroilning garovda ushlab turilganlar ro‘yxatini berish bo‘yicha so‘rovini rad etgani haqida xabardor etganidan keyin shunday qarorga kelingan”, – deb yozdi gazeta.
Avvalroq “Al Qahera News” telekanali Qatar, AQSH va G‘azo sektorini boshqarayotgan XAMAS harakati mintaqada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha muzokara o‘tkazish uchun Misr poytaxti Qohiraga yetib kelgani haqida xabar tarqatgan edi.
XAMAS ma’lum qilishicha, G‘azoda 200-250 kishi garovga olingan. Isroil tomoni rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, hozirgacha 112 nafar garovda ushlangan qutqarilgan, 30 dan ziyod inson halok bo‘lgan, deb hisoblanmoqda. 100 ga yaqin odam hamon garovda.
Anklav sog‘liqni saqlash tizimi ma’lumot berishicha, 2023-yil 7-oktyabrdan buyon G‘azo sektorida 30 410 kishi qurbon bo‘lgan, 71 700 kishi jarohat olgan.