Taniqli jurnalist, sharhlovchi, yozuvchi  Abror G‘ulomov (Abror Xon) ning “Rossiya – Ukraina: birodarkushlik dramasi” nomli yangi kitobi “RENESSANS” nashriyotida nashrdan chiqdi.

Abror Xon o‘quvchilarga  o‘z vaqtida shov-shuv bo‘lgan “Istanbul daftari”, shuningdek, “E’tiqodni afzal bilib”, “Dunyo: nimalar bo‘layapti, o‘zi?” nomli kitoblari bilan yaxshi tanish.

Rossiya – Ukraina o‘rtasida boshlangan urushga roppa-rosa ikki yil to‘ldi. Bu mojaro yana qancha davom etadi, unga qachon so‘nggi nuqta qo‘yiladi, buni hech kim ayta olmaydi. Ammo, bu urush tufayli dunyo yangi bir bosqichga qadam qo‘ygani, u hali uzoq yillar tahlil, tadqiq qilinishi bor gap.

Abror Xon yangi kitobida ikki slavyan davlati o‘rtasidagi mojaroning 2022-yilning oktyabridan 2023-yilning 1-iyuliga qadar bo‘lgan jarayonlarini kunma-kun tahlil qilgan.

Kitob debochasida to‘g‘ri qayd qilinganidek, bu shunchaki oddiy voqealar silsilasi emas. Unda tarix va achchiq haqiqatlar aks etgan.

Muallifning  dunyoda yangi bir davrni boshlab bergan jarayonlarni  alohida kitob shaklida o‘quvchiga taqdim etishi tahsinga loyiq.

Kitobning ikkinchi qismi – bobi ham o‘quvchi  e’tiborini o‘zga ohanraboday tortadigan qiziq mavzuga bag‘ishlangan. O‘quvchi ushbu bobdan 2022-yilda Qatar davlatida bo‘lib o‘tgan futbol bo‘yicha jahon chempionatiga oid qimmatli ma’lumotlar, mutaxassis, futbolchilar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar, qiziqarli dalil va raqamlar bilan tanishadi.

O‘zA