Italiyada“Parij-2024” Olimpiya o‘yinlarining boks bellashuvlari uchun yo‘llanma beruvchi I Jahon kvalifikatsion turniri bo‘lib o‘tadi.

Mazkur musobaqa oldidan rasmiy qur’a tashlash marosimi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston boks federatsiyasi bosh kotibi Shohid Tillaboyev, erkaklar va ayollar o‘rtasidagi O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiylari To‘lqin Qilichev hamda Elshod Rasulov ishtirok etdi.

Qur’a natijasiga ko‘ra, vazni -63,5 kg. bo‘lgan Ruslan Abdullayev – Shiva Tapa (Hindiston) bilan kuch sinashsa, -71 kg.da mamlakatimiz sharafini himoya qilish uchun Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev – Islam Yachi Yusufga (Jazoyir) qarshi ringga ko‘tariladi. -80 kg. vazn toifasida To‘rabek Habibullayev – Husseyn Iashish (Iordaniya),

-92 kg. vaznda Lazizbek Mullojonov – Darius Voisnarovich (Litva) o‘rtasida janglar o‘tkaziladi.

Ayollar o‘rtasidagi -50 kg. vazn toifasida Sabina Boboqulova – Danisha Matialagan (Singapur),

-57 kg. vazn toifasida Sitora Turdibekova – Vilma Vitanen (Finlyandiya) ilk bosqichda o‘zaro raqobatlashadi. -60 kg.da Olimpiya yo‘llanmasi uchun o‘tadigan bahslarda Rayhona Qodirovaning ilk raqibi Sheila Martines (Ispaniya) va Ana Starovoitova (Litva) o‘rtasidagi jang g‘olibasi bo‘ladi. Shuningdek, vazni -66 kg. bo‘lgan Navbahor Hamidova – Paraskevi Mavrommati (Gretsiya),

-75 kg.da Aziza Zokirova – Baison Manikon (Tailand) bilan birinchi bosqichda kuch sinashadi.

Ma’lumot uchun, hozirda terma jamoamiz a’zolaridan Hasanboy Do‘smatov, Abdumalik Xalokov, Bahodir Jalolov va Nigina O‘ktamova Olimpiadaga yo‘llanmani naqd qilgan.

11-mart kuniga qadar davom etadigan I Jahon kvalifikatsion turnir bugun, 3-mart kuni, janglar Toshkent vaqti bilan soat 18:00 va 23:00 da boshlanadi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA