Pokiston musulmon ligasi partiyasi raisi Shahboz Sharif Pokistonning yangi Bosh vaziri etib saylandi. Milliy majlisda (parlamentning quyi palatasi) o‘tkazilgan ovoz berish jarayoni PTV News telekanalida translyatsiya qilindi. Yangi hukumat rahbarining qasamyodi 4-mart kuni bo‘lib o‘tadi.

Sharif uchun parlament quyi palatasi yangi chaqirig‘idagi 336 nafar deputatdan 201 nafari ovoz bergan. Uning hukumat rahbarligi uchun kurashdagi raqibi, «Adolat uchun harakat» partiyasi bosh kotibi, Milliy majlisning yangi chaqirig‘iga mustaqil nomzod sifatida kirgan Umar Ayub Xon 92 ta ovoz oldi.

Milliy majlis yig‘ilishi Pokiston musulmon ligasi partiyasi vakili bo‘lgan Sardor Ayoz Sodiq spikerligida o‘tkazildi, yig‘ilish «Sunniylar yagona kengashi» (Sunni Ittehad Council, SIC) deputatlari uyushtirgan norozilik aksiyasi tufayli bir soat kech boshlandi.

Sharif Pokiston hukumatiga 2022-yil aprelida 2023-yil avgustiga qadar rahbarlik qilgandi. Undan avvalgi Bosh vazir, o‘sha vaqtda «Adolat uchun harakat» partiyasi rahbari bo‘lgan Imron Xon ishonchsizlik votumi bildirilishi natijasida lavozimdan ketkazilgandi.