Antaliyada Diplomatiya anjumani
Turkiyaning Antaliya dam olish hududida Diplomatiya anjumani bo‘lib o‘tyapti. Tadbir joyi – “Nest” kongress-markazi atrofida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.
Xavfsizlik kuchlari ishtirokchilarni uch bosqichli tekshiruvdan o‘tkazishga qaror qilgan.
Anjumanda 20 dan ortiq davlat va hukumat rahbarlari, 90 dan ortiq vazir, jumladan 60 dan ziyod tashqi ishlar vaziri, 80 ga yaqin xalqaro tashkilot vakili ishtirok etishi kutilmoqda
Ukrainaning Sudanga beg‘araz yordami
Harbiy harakatdan jiddiy zarar ko‘rganiga qaramay, Ukraina Sudan aholisiga 7 ming tonna bug‘doy hadya qildi. Sudanda 2023-yil apreldan buyon qurolli to‘qnashuv to‘xtamayapti. Ushbu beg‘araz yordam bir milliondan ziyod aholi ehtiyojini bir oy davomida ta’minlaydi.
Prezident Vladimir Zelenskiyning “Ukrainadan g‘alla” gumanitar tashabbusi doirasida yo‘naltirilgan ko‘mak BMT Jahon oziq-ovqat dasturi tomonidan muhtojlarga shoshilinch tarqatiladi.
Tramp Prezident bo‘lsa, vitse-prezidentlikka kim tayinlanadi?
AQSH sobiq Prezidenti Donald Tramp joriy saylov tadbirlari doirasida Texas gubernatori Greg Ebbot hamda Janubiy Karolina shtatidan senator Tim Skottni vitse-prezident lavozimiga nomzod sifatida ko‘rayotganini ma’lum qildi.
Sobiq prezident ushbu ikki shaxs haqida o‘z chiqishlarida ijobiy fikr bildirib kelmoqda.
AQSHda 2024-yil noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi prezident saylovida respublikachilar partiyasidan nomzodlikka Donald Tramp va Nikki Xeyli da’vo qilmoqda.
Pentagon rahbari: NATO bilan Rossiya o‘rtasida to‘qnashuv ehtimoli bor
Rossiya – Ukraina ziddiyatida Kiyevning mag‘lubiyatga uchrashi NATO bilan Rossiya o‘rtasida harbiy to‘qnashuv xavfini keltirib chiqaradi, deb bayonot berdi Pentagon rahbari Lloyd Ostin.
– Ochig‘i, agar Ukraina yengilsa, haqiqatan NATO Rossiya bilan urushga kirishadi, deb hisoblayman, – dedi u Vakillar palatasi majlisida so‘zga chiqib.
Bangladeshdagi yong‘in 40 dan ziyod insonning yostig‘ini quritdi
Bangladeshda yuz bergan yong‘in tufayli 40 dan ziyod odam halok bo‘ldi. Bu haqda “Dhaka Tribune” gazetasi mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Samanta La’l Sen bergan ma’lumotga tayanib yozgan.
Savdo markazi ikkinchi qavatida joylashgan “Kacchi Bhai” restoranida yong‘in oqshom payti kelib chiqqan. Olovni o‘chirish jarayoni ikki soat cho‘zilgan.
Mahalliy “Daily Star” gazetasi yozishicha, o‘t iskanjasidan olib chiqilgan 75 kishidan 40 nafari hushsiz edi.
XAMAS: G‘azoda begunoh aholi o‘limi javobsiz qolmaydi
Isroil armiyasining G‘azo sektorida oddiy aholiga qarshi amalga oshirayotgan xunrezligi javobsiz qoldirilmaydi, deyilgan XAMAS harakati bayonotida.
Hujjat kuni kecha insonparvarlik yordami berilishini kutayotgan 100 dan ziyod falastinlikka raketadan zarba berilgach e’lon qilindi.
Ukrainaga raketa jo‘natilmasligi sababi aytildi
– Berlin Kiyevga “Taurus” qanotli raketalarini bermaydi, chunki 500 kilometrgacha yetib boradigan ushbu qurol Moskvadagi nishonni ham urishi mumkin, – deb bayonot berdi GFR kansleri Olaf Shols.
Hukumat rahbari izoh berishicha, bunday aslahadan foydalanish bo‘yicha nazoratni ta’minlash uchun Ukrainaga nemis harbiylarini jo‘natish kerak bo‘ladi. Vaholanki, Germaniya Ukrainaga askar jo‘natmaslikka qaror qilgan.
“Taurus KEPD 350/150” uzoq masofadagi kuchli himoyalangan nishonni aniq urishga mo‘ljallangan qurol hisoblanadi.
Estoniya Bosh vaziri: Makronning gapi Rossiyaga ogohlantiruv!
Estoniya Bosh vaziri Kaya Kallas “Politico” nashriga intervyusida aytishicha, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning g‘arb mamlakatlari Ukrainaga askar jo‘natishi mumkin, degan so‘zlari Rossiyaga ogohlantirish bo‘lishi zarur.
– Moskva bilishi kerak, G‘arb Kiyevga yordam berishning hamma yo‘lini ko‘rib chiqmoqda, – degan u.
BMT: Isroil G‘azoda juda ko‘p harbiy jinoyatga qo‘l urdi
Isroil G‘azo sektorida va G‘arbiy sohilda qator harbiy jinoyatlarni amalga oshirdi, deb bayonot berdi BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk Inson huquqi bo‘yicha Kengashning 55-sessiyasida.
– Inson huquqi boshqarmasi tomonidan o‘tgan besh oy davomida qurolli mojaroda Isroil qo‘shinlarining harbiy jinoyatga tenglashtiriladigan qator harakatlarini qayd etdi, – deyiladi uning Falastin hududidagi vaziyat bo‘yicha taqdim etgan ma’ruzasida. – Bu begunoh aholini qonga botirishdir.
Argentinada Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha sammit o‘tishi mumkin
Argentina Prezidenti Xaver Miley 2024-yil “Ukrainaga Lotin Amerika yordami”ni ko‘rsatish maqsadida sammit o‘tkazish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi, deb yozdi“Financial Times” gazetasi.
S.Rahimov, O‘zA