Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, prokuraturasi, sud hamda Ichki ishlar vazirligining joriy yil 2-fevral kuni tasdiqlangan “Aliment undiruvi bilan bog‘liq muammoli ijro hujjatlari ijrosini ta’minlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar belgilash hamda shunday oilalarda tarbiyalanayotgan bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qo‘shimcha vazifalar to‘g‘risida”gi qo‘shma farmoyishi ijrosi yuzasidan Majburiy ijro byurosi Taxiatosh tuman bo‘limi tomonidan bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, qo‘shma farmoyish ijrosi doirasida ishchi guruh a’zolarining aralashuvi bilan aliment undiruvi bilan bog‘liq muammoli ijro hujjatlari bo‘yicha 5 ta ajrashgan yosh oila yarashtirildi.

Jumladan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudining 2022-yil 8-iyundagi sud buyrug‘iga asosan, G.A.ning tarbiyasidagi ikki nafar voyaga yetmagan farzandining ta’minoti uchun qarzdor S.N.ning har oydagi jami daromadining 1/3 qismi miqdorida aliment undirish belgilangan.

Ishchi guruh a’zolari tomonidan undiruvchi va qarzdor bilan olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida ajrashgan tomonlarning yarashishiga erishildi.

Shundan so‘ng, undiruvchi joriy yil 27-fevral kuni Byuroning Taxiatosh tuman bo‘limiga kelib, yuqorida ko‘rsatilgan sud hujjatiga asosan undirilishi belgilangan aliment pullaridan voz kechishini bildirib, ariza berdi va ijro harakatlari to‘xtatildi. Natijada voyaga yetmagan ikki nafar farzand endilikda to‘laqonli oilaviy muhitda voyaga etadigan bo‘ldi.

Hozir ishchi guruh a’zolari tomonidan aliment undiruvi bilan bog‘liq muammoli ijro hujjatlari ijrosini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar davom etmoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri