Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali qo‘shni mamlakatlarning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Filialning zooinjeneriya kafedrasining mudiri, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) X.Mamatov ikki tomonlama tuzilgan shartnoma asosida Qirg‘iz Respublikasi O‘sh davlat universitetida bo‘ldi.
Mazkur oliy o‘quv yurti vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida hamkorlik va do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlash, professor-o‘qituvchilarning tajriba, talabalar uchun akademik almashuvini yo‘lga qo‘yish, hamkorlikda dual ta’limni joriy etish, yirik ilmiy loyihalar ustida ish olib borish, veterinariya va chorvachilik sohasi bo‘yicha yangiliklarni yaratish borasida muloqot olib borildi.
Tashrif doirasida mehmon universitetda talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, jumladan, o‘quv xonalari, laboratoriyadagi zamonaviy jihozlar, adabiyotlar bilan boyitilgan kutubxona bilan tanishib, talabalar bilan samimiy suhbat qildi.
–Bu o‘lkaga ilk tashrifim qaynoq taassurotlarga boy bo‘ldi, – deydi X.Mamatov. – Men o‘zim Samarqand shahridan Nukusga borib ishlayapman, qirg‘izistonliklar ham xuddi qoraqalpog‘istonliklar kabi samimiy va mehmondo‘st ekanligiga amin bo‘ldim. Bu yerda o‘rgangan tajribalarimni filial o‘qituvchilari bilan o‘rtoqlashmoqdaman. Mazkur tashrif davomida ikki tomonloma manfaatli yo‘nalishlar bo‘yicha muloqotlar olib borib, kelgusidagi aniq vazifalarni belgilab oldik.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish zarur, bundan avval O‘sh davlat universitetining professori, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori Abdug‘ani Abdurasulov filialga tashrif buyurib, nukuslik talaba-yoshlarga dars o‘tgan edi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri