O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-fevral – 1-mart kunlari Xorazm viloyatida bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari tashrifining ikkinchi kuni Urganch shahrida Xorazm viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish bo‘yicha galdagi vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zining avvalida yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholiga munosib sharoitlar yaratish, bandlikni ta’minlash uchun barcha kuch va imkoniyatlar safarbar etilayotganini ta’kidladi.

Xususan, oxirgi 7-yilda Xorazmda 600 mingta ish o‘rni yaratilgan. Bugun viloyat yalpi mahsuloti hajmi 37 trillion so‘mga, aholi jon boshiga 19 million so‘mga yetgan.

Shu bilan birga, tobora o‘zgarib borayotgan zamon, odamlarning talab va istaklari yangi-yangi vazifalar qo‘ymoqda. Yig‘ilishda shu boradagi chora-tadbirlar, viloyatdagi zaxiralarni ishga solish bo‘yicha yangi imkoniyatlar belgilab olindi.

Xorazmda kichik va o‘rta biznesni yanada qo‘llab-quvvatlash uchun imtiyozli shartlarda 100 million dollar ajratilishi ma’lum qilindi. Buning hisobidan 5 ming 500 tadbirkorga ko‘mak berib, 50 ming doimiy ish o‘rni tashkil etish mumkinligi aytildi.

Iqtisodiyotdagi asosiy vazifalardan biri – viloyatda sanoatni rivojlantirish. Buning uchun eng zarur omillar davlat tomonidan hal etib berilmoqda.

Kuni kecha Amudaryo ustida kuniga 12 mingta avtomobil, 24 ta poyezdni o‘tkazish quvvatiga ega ulkan ko‘prik ochildi. Bu transport aloqalarini yaxshilab, yuk tashish xarajatlarini kamaytirib, biznes va xizmatlar rivojiga qo‘shimcha turtki beradi.

Sanoat uchun barqaror energiya manbalari ham zarur. Shu maqsadda Tuproqqal’a tumanida Fransiyaning “Voltalia” kompaniyasi bilan hamkorlikda 100 megavattli quyosh elektr stansiyasi qurilishi boshlandi. U yil yakunigacha ishga tushadi.

Shuningdek, Xorazmda qiymati 10 milliard dollarlik yirik gaz-kimyo majmuasini barpo qilish bo‘yicha ilg‘or xorijiy kompaniyalar bilan muzokara olib borilmoqda. Bu loyiha ishga tushsa, 3 mingta ish o‘rni yaratiladi, yiliga 2,5 million tonna yuqori qo‘shilgan qiymatli polimerlar ishlab chiqariladi.

Sanoat loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va jadallashtirish choralari belgilandi. Qayd etilganidek, Xorazmga Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasidan 100 million dollar yo‘naltiriladi.

Biznesni rivojlantirish banki tomonidan kichik va o‘rta sanoat loyihalariga 1,5 milliard so‘mgacha 18 foizdan 7-yil muddatga kreditlar beriladi.

Bundan tashqari, 1-apreldan boshlab, import uskunalar, ehtiyot qism va xomashyo 5-yilga bojxona to‘lovidan ozod qilinadi, qo‘shilgan qiymat solig‘ini 180 kunga kechiktirib to‘lashga ruxsat beriladi. Mahalliylashtirish loyihalariga olingan kredit foizining 10 foiz bandi qoplab beriladi.

Davlat mulki va yer uchastkalarini xususiylashtirishda 5-yil ichida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi. Iqtisodiy va sanoat zonalarida olgan majburiyatini bajargan tadbirkorlar yer va binoni xususiylashtirishi mumkin bo‘ladi. Eksportchilarga boshqa viloyatdan xomashyo yetkazib berish uchun yo‘l xarajatlarining 50 foizi qoplanadi.

2020-yilda uchta bank ishtirokida tuzilgan investitsiya kompaniyasi transformatsiya qilinib, unga tadbirkorlarga 30 foizgacha ulushdor bo‘lib kirish vakolati beriladi.

Hazorasp erkin iqtisodiy zonasidan samarali foydalanib, sanoat loyihalarini joylashtirish, Urganch tumanida Texnopark tashkil qilish vazifasi qo‘yildi.

Damas va Labo avtomobillari hamda ularning ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish hajmini oshirish, ip-kalavani qayta ishlash darajasini 60 foizga yetkazish, farmatsevtika mahsulotlarini ko‘paytirish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tildi.

Umuman, yil yakunigacha viloyatga 1,5 milliard dollar sarmoya, shundan 1 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelib, 600 million dollar eksportni ta’minlash mumkinligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Buning uchun 11,5 trillion so‘m kredit yo‘naltiriladi, har bir tuman va shaharni kompleks rivojlantirish dasturi tasdiqlanadi.

Xorazmda Xitoy tajribasi asosida “uy sanoati” rivojlantiriladi. Masalan, Bog‘ot, Yangiariq, Yangibozor, Qo‘shko‘pir hamda Urganch tumanlarida jun va pillani qayta ishlash, Hazorasp, Xiva, Tuproqqal’a va Xonqada gilam to‘qish ommalashgan.

Bu yo‘nalishlar qo‘llab-quvvatlanib, ipakchilik va gilamchilik kooperatsiyalari tashkil qilinadi. Xonadonlarda ixcham uskunalar o‘rnatish uchun 100 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi.

Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida bu yil 5 mingta xonadonda intensiv usulda baliq boqish, 4 ming 400 ta xonadonga tikuvchilik, parranda, chorva, asalari va bog‘dorchilik bo‘yicha moliyaviy ko‘mak beriladi.

Xorazmning asosiy drayveridan biri turizm. Uni yanada   rivojlantirish bo‘yicha 3-yillik dastur qabul qilinishi belgilandi.

Sayyohlarga bir yil davomida cheklovsiz Xorazmga kirish uchun “O‘zbekiston – mening ikkinchi uyim” viza tizimi joriy qilinadi. Urganch shahrida “Lazgi” va “Avesto” muzeyi tashkil etiladi. Mehmonxona va dam olish maskanlari qurish, mavjud o‘rinlarni ko‘paytirish uchun imtiyozli kreditlar beriladi.

Bu orqali Xorazmga xorijiy turistlar oqimini 1 millionga, mahalliy sayyohlarni 4 millionga yetkazib, 20 ming ish o‘rni yaratish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Xizmatlar sohasi rivojlanishi uchun transport infratuzilmasini yaxshilash zarur. Shu bois Urganch va mamlakatimizning boshqa shaharlariga aviachipta narxini arzon qilish uchun 30 milliard so‘m subsidiya beriladi. Aviaqatnovlar ko‘paytiriladi.

“Urganch – Xiva” trolleybus qatnovi oraliq vaqti qisqaradi, Urganchdan Xiva va Xonqaga elektrobus qatnovi qo‘yiladi.

Yig‘ilishda qishloq va suv xo‘jaligidagi vazifalar ham ko‘rsatib o‘tildi. Xitoy va boshqa davlatlardan sho‘r tuproqqa chidamli paxta navlarini olib kelib, yetishtirish zarurligi ta’kidlandi. Urganch shahrida ekin urug‘larini sertifikatlash laboratoriyasi, har bir tumanda 40 tadan kichik sovutgichli ombor tashkil qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Sholichilikda ham ilmiy yondashuvlarni joriy etish vaqti kelgan. Bu borada Filippindan olib kelingan sho‘rga chidamli navlarni Xorazm sharoitiga moslash, Janubiy Koreya bilan hamkorlikda sholi urug‘chiligi korxonasi tashkil etish zarurligi aytildi. Sholichilikda hosildorlikni 150 sentnerga chiqargan dehqonlarga mahsulotining yarmini eksport qilishga ruxsat berish taklifi bildirildi.

Chorvachilik, parrandachilik, baliqchilikni kengaytirishga ham yangi imkoniyatlar belgilandi.

Toshsoqa kanalini tiklash loyihasining 2-bosqichi, kanallarni betonlash ishlarining borishi ko‘rib chiqildi. 11 ming gektarda suv tejovchi texnologiya joriy qilish, 42 ming gektarni lazerli tekislash, nasos stansiyalarini texnologik yangilash topshiriqlari berildi.

Uy-joy va mahalla infratuzilmasini yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Bu yil 119 ta ko‘p qavatli uy qurilib, 3,5 mingta oilaning yashash sharoiti yaxshilanadi. Hazorasp, Shovot va Urganch tumanida “Yangi O‘zbekiston” massivlari barpo etiladi.

Elektr tarmoqlari, podstansiya va transformatorlarni yangilash bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqiladi. Viloyatdagi 233 kilometr yo‘l ta’mirlanadi. 322 ta mahallada ichki yo‘llar yaxshilanadi.

Xorazmdagi oliy ta’lim muassasalarida xorijiy dasturlar joriy qilinib, talabalarning xalqaro kvalifikatsiya olishi ta’minlanadi. Shifoxona va poliklinikalarda takrorlanadigan vazifalar maqbullashtiriladi. Eshitishda nuqsoni bor 500 nafar bola koxlear apparati, yana 2 ming nafari eshitish moslamasi bilan ta’minlanadi.

Umuman, yig‘ilishda belgilangan chora-tadbirlarga 1,1 milliard dollar va 10 trillion so‘m yo‘naltirilishi ta’kidlandi.

Shundan so‘ng davlatimiz rahbari Urganch shahridagi Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy-akademik litseyni borib ko‘rdi.

Ta’lim muassasasi 2023-2024 o‘quv yilidan faoliyat boshlagan. 300 o‘rinli zamonaviy binoda yoshlarning ta’lim-tarbiya olishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Ular bu yerda aniq fanlar yo‘nalishida ikki yil ta’lim oladi.

O‘quv xonalari eng so‘nggi rusumdagi multimedia va kommunikatsiya vositalari bilan jihozlangan. Litsey axborot-resurs markazida 7 mingdan ortiq o‘quv va badiiy kitoblar, 11 mingdan ortiq elektron adabiyotlar bor. U viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tarmog‘iga ulangan.

Shuningdek, bu yerda Jaloliddin Manguberdi muzeyi, yopiq turdagi sport zal hamda ochiq maydondagi sport majmuasi, saf maydoni, oshxona va yotoqxona mavjud.

O‘quvchilar darsdan tashqari o‘ndan ortiq fan, axborot texnologiyalari, ijodiy to‘garaklar hamda sport mashg‘ulotlarida ishtirok etadi. Bepul kiyim-kechak, to‘rt mahal issiq ovqat bilan ta’minlanadi.

Davlatimiz rahbari muassasa hamda bu yerdagi ta’lim jarayonlari bilan tanishdi. O‘qituvchi va o‘quvchilar bilan suhbatlashdi. Jaloliddin Manguberdining vatanparvarligi, jasorati yosh avlod uchun ibrat ekanligi ta’kidlandi.

– Bu yerda aniq fanlar o‘qitilishi yaxshi. Shu bilan birga, dars jarayonlarida vatanparvarlik tarbiyasiga alohida e’tibor qaratish, qadriyatlarimizni ham o‘rgatish lozim. Shunday bo‘lishi kerakki, milliy ruh va g‘urur yoshlarning eng kuchli quroli bo‘lishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Harbiy-jangovar qudrat, yuksak ma’naviy salohiyat yurt himoyachilarining muhim tayanchi ekaniga urg‘u berildi.

Litsey Urganch davlat universiteti hamda Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti bilan hamkorlik o‘rnatgan. Shuningdek, Urganch shahridagi 3-umumta’lim maktabi o‘quvchilari bilan harbiy-vatanparvarlik tadbirlari, sport musobaqalari o‘tkazib kelinmoqda. Bu tashabbusni boshqa maktablar bilan ham keng ko‘lamda tashkil etish rejalashtirilgan.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi yakunlandi.

O‘zA