Poytaxtimizda Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqov O‘zbekistonning Ozarbayjondagi faxriy konsuli Kyanan Jalilov boshchiligidagi konsullik vakillari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda mehmonga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan poytaxtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘lami haqida ma’lumot berildi. Yaqin kelajakda turizm, infratuzilma, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish sohalarida qator loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgani aytildi.

Kyanan Jalilov o‘z navbatida, uchrashuv uchun minnatdorlik bildirib, Ozarbayjon ishbilarmon doiralarining O‘zbekistonda yirik loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etishdan manfaatdorligini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida samarali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida har ikki tomon ishbilarmon doiralari bilan muloqotni davom ettirishga kelishib olindi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA