Bosh prokuratura: “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda nazorat kuchaytiriladi
Bosh prokuratura tomonidan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida nazorat ishlari olib borilmoqda. Shu bilan birga, soha vakillari “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi amaliy ishlarga ham bevosita ko‘mak ko‘rsatib kelmoqda.
Loyiha boshlanganda Bosh prokuror rahbarligida Bosh prokuratura, Bosh prokuratura huzuridagi Departament, MIB hamda ularning Toshkent viloyati qo‘yi tizimlari xodimlari ishtirokida Qibray tumanida keng qamrovli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Bir necha gektar tashlandiq holatda bo‘lgan yer maydoni tekislanib, shudgor qilinib, mineral va organik o‘g‘itlar bilan oziqlantirilib, ushbu joyda bir necha ming mevali ko‘chat ekildi.
Yangi barpo etilgan ushbu bog‘dan foydalanish va daromad olishlari uchun yer maydoni uyushmagan yoshlarga teng bo‘lib berildi.
Bunday ishlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar prokuraturalari, tizimlar xodimlari tomonidan barcha hududlarda amalga oshirildi.

Kuni kecha Bosh prokuraturaning Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i O‘.O‘tayev boshchiligida “Yashil makon” umummilliy loyihasi bahorgi mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilgan yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat va Toshkent shahar prokurorlarining sohaviy o‘rinbosarlari, tegishli bo‘lim boshliqlari, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining markaziy va hududiy mas’ullari ishtirok etdi.
Joriy yilda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 134 tuman (shahar)da “Yashil bog‘”, 160 mahallada “Yashil jamoat parki” barpo etilishi qayd etildi.
Yig‘ilishda loyihani amalga oshirish uchun shakllantirilgan nihollar zaxirasini o‘rganish hamda tegishli yer maydonlarini ajratish ishlarida nazoratni kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.
N.Abduraimova, O‘zA