Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida talabalar va mahalla qizlari o‘rtasida “Sport nafislik –sog‘lomlik manbai” shiori ostida sport musobaqasi o‘tkazildi.

Mazkur musobaqada filialda tahsil olayotgan talaba- qizlar, filial huzuridagi Nukus veterinariya texnikumi o‘quvchilari hamda Gulzor mahallasining uyushmagan yoshlaridan tashkil topgan  jami 6 ta jamoa ishtirok etdi.

Qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, sportni yanada ommalashtirish hamda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli va maqsadli tashkil etish maqsadida o‘tkazilgan musobaqada ishtirokchilar 6 ta shart bo‘yicha kuch sinashdi.

Qiziqarli shartlarni o‘z ichiga olgan musobaqada ishtirokchilar hamjihatlikda o‘z mahoratlarini namoyish etishdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, filialning birinchi bosqich talaba-yoshlaridan tashkil topgan “Chaqqonlar” jamoasi birinchi, uchinchi bosqich talabalarining “Olimpiya” jamoasi ikkinchi,  Gulzor mahallasi qizlari uchinchi o‘rinni egalladi.

G‘olib jamoalar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri