Nukus shahar hokimligi tashabbusi bilan Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan umumta’lim maktablari o‘quvchilarining bilim olishga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirish, ularning o‘qishga bo‘lgan intilishini to‘g‘ri baholash, eng asosiysi, kelajakda har tomonlama yetuk, bilimli yoshlar bo‘lib yetishishi uchun “Hokim olimpiadasi” tashkil etildi.
Olimpiadaning dastlabki bosqichida umumta’lim maktablarining 7-8 sinf o‘quvchilari matematika, fizika, tarix, qoraqalpoq, o‘zbek, ingliz tillari bo‘yicha o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. Ushbu bellashuvlar dastlab sinflar o‘rtasida, so‘ngra maktab, hududiy va shahar bosqichlarida o‘tkaziladi.
–Davlatimiz rahbari raisligida joriy yil 5 fevral kuni o‘tkazilgan videoselektor majlisida maktabgacha va maktab ta’limidagi ishlarning ahvoli tahlil qilinib, kelgusi rejalar belgilab berildi, – deydi Nukus shahar hokimi o‘rinbosari A.Pirjanov. – Hokim olimpiadasini o‘tkazishdan asosiy maqsad iqtidorli o‘quvchilarni aniqlash, ularni qo‘llab-quvvatlash, mahalliy va xalqaro olimpiadalarga tayyorlashdan iborat. Dastlabki bosqichning o‘zida 12 ming 475 nafar o‘quvchi olimpiadada ishtirok etish istagini bildirdi. Yakuniy shahar bosqichi 1-15 aprel kunlari o‘tkazilib, g‘oliblar shahar hokimining faxriy yorlig‘i hamda qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlanadi. Ushbu olimpiadani har yili ikki marotaba o‘tkazish nazarda tutilmoqda.
Nukus shahar hokimligi tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi bilan hamkorlikda sohadagi muammolarni bartaraf etish, tizimga yangi tashabbuslarni joriy etish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Jumladan, “Hokim olimpiadasi”dan tashqari, o‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida “Yosh askarlar”, yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish uchun “Siz qonunni bilasizmi?”, yoshlarni milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash bo‘yicha “Otalar merosi” ko‘rik-tanlovlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari