Davlat rahbarining 2023 yil 30 mart kuni hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bilan tanishish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi doirasida aholi farovonligini yanada oshirishga qaratilgan uchta yangi tashabbus ilgari surilgan edi.
Jumladan, ushbu tashabbuslar doirasida Orolbo‘yi mahallalarini obod qilish, suv, yo‘l, elektr ta’minotini yaxshilash, maktab, bog‘cha va tibbiyot punktlarini qurish va ta’mirlash uchun 452 ta mahallaning har biriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 500 million so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ ajratildi. Buning uchun alohida Qoraqalpog‘iston Respublikasi mahallalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil qilinib, unga 2023 yilda 250 milliard so‘m ajratildi.
Amudaryo tumanidagi ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlarida Yurtboshimiz tomonidan qaratilgan yuksak e’tibor va ishonchni oqlash, yaratilgan imkoniyatdan samarali foydalanish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, mahallalarga elektr liniyalari tortilib, transformatorlar va tayanch ustunlari o‘rnatildi. Shuningdek, ko‘chalarga qum-shag‘al aralashmasini yotqizish orqali piyodalar va haydovchilar uchun yo‘llarda harakatlanish osonlashdi. Ayrim mahalla binolariga quyosh panellari o‘rnatilib, bolalar maydonchalari hamda piyodalar yo‘laklari qurildi.
Tumandagi “Gulzor” mahalla fuqarolar yig‘inida ham ajratilgan mablag‘ hisobidan xayrli va samarali ishlar amalga oshirildi. Jumladan, mahalla ma’muriy binosiga quyosh paneli hamda ko‘chalarga video kuzatuv kameralari, Ogahiy ko‘chasiga tungi yoritgich chiroqlari o‘rnatilib, piyodalar yo‘lakchasi qurildi. Hududdagi 8 ta ko‘chaga aholining elektr ta’minoti xizmatini yaxshilash maqsadida alohida transformator o‘rnatildi.
Bu boradagi tizimli ishlar barcha mahallalarda davom etmoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbiri