Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayevning yangi loyihalarni ishga tushirishda uchrayotgan muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha Amudaryo tumani tadbirkorlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, ular uchun barcha qulay sharoitlarni yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Faqat Qoraqalpog‘iston uchun qabul qilingan farmon va qarorlar bu boradagi choralar ko‘lamini yangi bosqichga ko‘tarmoqda.
Uchrashuvda ayrim soha mutasaddilarining o‘z vazifasiga e’tiborsiz qarashi va boshqa sabablarga bog‘liq uchrayotgan muammolar atrofida muloqot qilindi. Har qanday investitsion, ishlab chiqarish va sanoatni rivojlantirish borasidagi loyihalar har doim qo‘llab-quvvatlanishi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, bildirilgan murojaatlarning aksariyatiga joyida yechim topish choralari ko‘rildi. Vaqt talab etiladigan murojaatlarga ijobiy yechim topish bo‘yicha tegishli soha mutasaddilariga topshiriqlar berildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri