Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent shahrida qurilayotgan ko‘p qavatli bino va inshootlarning bugungi holati, mavjud muammo va kamchiliklarga asosiy e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-apreldagi 200-sonli qarori bilan qurilish sohasiga oid ma’muriy Reglamentlar tasdiqlangan.

Mazkur Reglamentlarda qurilish ishlarini amalga oshirishda jismoniy va yuridik shaxslar arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish, loyiha-smeta hujjatlarini kelishish hamda qurilish-montaj ishlarini boshlashi uchun obyektni ro‘yxatdan o‘tkazishlari shartligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Shuningdek, qurilish-montaj ishlari tugallangan obyektdan foydalanish uchun ruxsatnoma berish tartibi amalga oshirilishi ham qat’iy belgilab berilgan.

Biroq ayrim holatlarda shaharsozlik subyektlari, ya’ni mulkdorlarning mazkur reglament talablarini bajarmasligi, o‘zboshimchalik bilan qurilishlar qilayotgan holatlari ham uchrab turibdi.

Yaqinda Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi poytaxtimizda tegishli qarorlarsiz, loyiha hujjatlari tasdiqlanmasdan yoki undan chetga chiqqan holda bino ustiga noqonuniy qo‘shimcha qavatlar qurilayotgan turar-joylarni o‘rgandi.

Toshkent shahrida jami 79 ta ko‘p qavatli turar-joy binolari qurilayotgan bo‘lib, shundan 41 tasi qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun inspeksiyani xabardor qilish orqali belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan. 38 ta obyektda esa ro‘yxatdan o‘tmasdan turib, qurilish-montaj ishlari olib borilgani aniqlangan. Mazkur obyekt egalariga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlikka tortish choralari ko‘rilgan.

Yig‘ilishda ushbu obyektlar yuzasidan tegishli tashkilotlar o‘z xulosalarini bildirishlari lozimligi ta’kidlandi va shundan kelib chiqqan holda aniq chora-tadbirlar belgilab olishga kelishildi.

 

Shahnoza Mamaturopova,  

O‘zA