Soʻnggi vaqtlarda koʻpchilik yurtdoshlarimiz tomonidan sifatsiz benzin mahsulotlari avtomobillarga jiddiy zarar yetkazganini maʼlum qilishmoqda.

Shu sababli, AYOQSHda sotilayotgan sifatsiz avtobenzin yonilgʻisiga chek qoʻyilmoqda.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi “Oʻzenergoinspeksiya” Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi bilan hamkorlikda aholini sifatli benzin mahsulotlari bilan taʼminlash maqsadida joylarda yoqilgʻi mahsulotlarining sifatini oʻrganish boʻyicha nazorat tadbirlarini oʻtkazdi.

Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasida ish yurituvchi “RAFS” SICHK, “RUXSHONA HAMID” MCHJ, “SUVINSHOATGAZQURILISH” XK, “IMKON-XAMKOR” XK, “RUSLAN” FX, “TOʻRTKOʻLLI BUNYOD OIL” MCHJ hamda “GULNORA GAZ SERVIS” MCHJlarga qarashli AYOQSH larda oʻrganishlar oʻtkazildi.

Ushbu yonilgʻi quyish shoxobchalaridan benzin mahsulotlari xarid qilinib, belgilangan tartibda tegishli laboratoriyalarga taqdim etildi. Laboratoriya tahlillari 7 ta xizmat koʻrsatuvchi shoxobchaning benzin mahsulotlari sifatsizligi boʻyicha oʻz xulosasini bergan.

Mazkur xulosaga koʻra, yonilgʻi quyish shoxobchalaridan namuna olingan AI-92 benzinning tarkibidagi oktanning normativ hujjat talabiga koʻra, 92 boʻlishi kerakligi, lekin tekshirish natijasida ushbu koʻrsatkich shoxobchalardan olingan namuna yoqilgʻi mahsulotlarida 90 ga ham yetmagani, tegishli talabga javob bermasligi xulosa qilingan.

Qoʻmita tomonidan olib borilgan oʻrganishlarda AYOQSH lar tomonidan 2023-yil AI-92 markali sifatsiz jami 26 ming litrdan ziyod avtobenzin sotilgani, buning natijasida isteʼmolchilarga jami 277 million soʻm zarar yetkazilgani aniqlandi.

Oʻtkazilgan tekshirish natijalari boʻyicha Qoʻmitaning maxsus komissiyasi tomonidan yuqorida koʻrsatilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining tegishli moddasi talabi buzilishi holatlari boʻyicha qonunchilikda belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilib, qaror, koʻrsatmalar berildi.

Raqobat qoʻmitasi boshqa masʼul tashkilotlar bilan hamkorlikda bu kabi nazorat tadbirlarini respublikamizning barcha hududlarida oʻtkazib kelmoqda.

Sh.Mamaturopova, OʻzA