Otaliqqa olingan yoshlar e’tiborda

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida yoshlar muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish, talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga o‘qitish orqali ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha ko‘plab vazifalar belgilandi.
Yoshlar bilan manzilli ishlashning yangicha mexanizmini amalda tatbiq etish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi 2-sektor hududlaridagi 59 ta mahalladagi 23 ming nafardan ortiq yosh otaliqqa olingan.

Bugungi kun holatiga otaliqqa olingan yoshlarning barchasi bilan individual, migratsiyadagilar bilan videokonferensaloqa tarzida suhbatlashilib, muammolari o‘rganildi. Ushbu muammolarni hal qilish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, ijroga qaratildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori tomonidan ishchi guruh a’zolari bilan kunlik suhbatlarda berilayotgan topshiriqlar ijrosi nazoratga olingan.
Otaliqqa olingan yoshlar to‘liq qamrab olingan holda chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash maqsadida barcha hududlarda bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari tashkil etildi. Mas’ul idoralar bilan hamkorlikda 2-sektorga qarashli mahallalarda 8 ta sport turi bo‘yicha sport musobaqalariga start berildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri