Atrof-muhit bo‘yicha BMT Dasturi bosh qarorgohi joylashgan Keniya poytaxti Nayrobida iqlim masalalariga bag‘ishlangan oltinchi sammit boshlandi.
Anjumanda milliy delegatsiyalardan 70 dan ziyod vazir, jami uch mingdan ortiq vakil ishtirok etmoqda.
26-fevralda boshlangan, 1-martga qadar cho‘ziladigan mazkur yirik tadbirda sayyoramiz duch kelayotgan “uch yoqlama inqiroz – iqlim o‘zgarishi, biologiya xilma-xilligi yo‘qolib borishi va atrof-muhit ifloslanishi bilan bog‘liq muammolar muhokama qilinyapti.
– Bu inqirozlar sayyoramizdagi har bir kishiga, millati, irqi, dini yoki jinsidan qat’i nazar, salbiy ta’sir qilmoqda, – dedi BMT Atrof-muhit bo‘yicha Dasturi ijrochi direktori Inger Andersen.
“Sessiyalarda siyosiy yetakchilar 20 dan ko‘p rezolyutsiya loyihasini muhokama qilishadi”, deyilgan tashkilot saytida berilgan xabarda.
Loyihalarda mamlakatlar havo sifatini yaxshilash, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarni bartaraf qilish masalasiga jiddiy yondashish, havoni kimyoviy ifloslantirishga chek qo‘yish, cho‘llanishga qarshi kurashish va biologiya xilma-xilligi yo‘qolishiga barham berishga chaqirilgan.
Ta’kidlash joiz, rezolyutsiyalar majburiy yuridik kuchga ega bo‘lmasa-da, global ekologik kelishuvga erishish va ayni yo‘nalishda milliy siyosat ishlab chiqish yo‘lida muhim qadam hisoblanadi.
Ma’lumki, BMT Atrof-muhit bo‘yicha Dasturiga 193 davlat qo‘shilgan. “Atrof-muhit bo‘yicha dunyo parlamenti” deb atalayotgan mazkur tuzilma doirasida ekologiya siyosatining ustuvor yo‘nalishlari aniqlab olinadi, ushbu masalada xalqaro qonunlar ishlab chiqiladi.
2012-yil Braziliyada bo‘lib o‘tgan BMTning barqaror taraqqiyotga bag‘ishlangan konferensiyasida ushbu dastur qabul qilinishi global xavfsizlikni ta’minlash, sog‘liqni saqlash muammolari bilan bir qatorga qo‘yilayotgan ekologiya masalasi bo‘yicha ko‘p tomonlama hamkorlikning yangi davri boshlanganini bildiradi.
Dastur asosida ko‘p yillardan buyon yovvoyi hayvonlar savdosiga qarshi kurash, qurolli mojaro kechayotgan hududda atrof-muhitni himoya qilish, transportni rejalashtirish kabi muhim masalalarda muhim hujjatlar qabul qilingan.
2022-yilda atrof-muhit yelim idish bilan ifloslanishini to‘xtatish bo‘yicha xalqaro hujjatning yuridik majburiyligini ta’minlash ustida munozara boshlangan. Mazkur jarayon 2024-yil oxirida yakunlanishi kerak.
Nayrobi sammitida esa atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha ko‘p tomonlama kelishuv asosiy mavzuga aylandi. Yuqorida ta’kidlangan uch yoqlama inqirozni bartaraf qilishda ushbu kelishuvlar qanday ahamiyat kasb etishi baholanadi.
Atrof-muhit masalasi bo‘yicha qaror qabul qiluvchi global organ hisoblangan mazkur tashkilot o‘z faoliyati orqali inson va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlikni ta’minlash, dunyo aholisining ekologik bo‘hronga eng ta’sirchan qismi hayotini yaxshilashga harakat qiladi.
S.Rahimov, O‘zA