Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan “O‘zbekiston va Xitoy: ikki xalq farovonligi yo‘lida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish” mavzusidagi xalqaro konferensiyaning “Har tomonlama keng qamrovli strategik sheriklik: O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarning yangi bosqichi” deb nomlangan sessiyasida ikki mamlakat ekspertlari o‘zaro munosabatlar taraqqiyoti uchun muhim sanalgan omillarga e’tibor qaratishmoqda.

E. Aripov, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori:

– Har qanday sharoitda strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma imzolanishi mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘rnatilgan ishonchli va barqaror munosabat, to‘plangan me’yoriy-huquqiy bazani hisobga olgan holda, juda mantiqiy qarordir.

Xitoy 800 mingdan ziyod odamni qashshoqlikdan olib chiqib, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda ajoyib yutuqlarga erishdi. XXRning aholi farovonligini oshirish siyosati, tajribasini o‘rganish va amalga oshirish O‘zbekiston uchun juda muhim.

Bizda elektromobil sohasidagi hamkorlikka jiddiy qiziqish bor. Mamlakatimizda so‘nggi yillarda elektromobillar savdosi ko‘lami 10 barobar kengaydi. Shu nuqtayi nazardan Jizzax viloyatida elektromobil ishlab chiqaruvchi zavod ochish bo‘yicha kelishuv alohida ahamiyatga ega.

Umuman, O‘zbekiston Prezidentining Xitoyga tashrifi yakunlari davlatlararo hamkorlikning o‘ziga xos, yangi shakli paydo bo‘lganidan dalolat.

Sun Chuanji, Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi huzuridagi Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti direktori:

– Murakkab xalqaro vaziyatda Xitoy – O‘zbekiston aloqalari doimiy ravishda kengayib, davlatlararo munosabatning yangi, o‘ziga xos shakldagi namunasiga aylanib bormoqda.

Bu jarayonda bir-birining yirik diplomatik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, xavfsizlik bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash, Markaziy Osiyoda barqarorlikni saqlash hamda Afg‘onistonning tinch yo‘l bilan qayta tiklanishiga ko‘maklashish yo‘lida faol o‘zaro sa’y-harakatlar juda zarur.

Transport yo‘laklarini kengaytirish loyihalarini birgalikda ilgari surish, ikki dalat o‘rtasida transport kommunikatsiyasi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish nafaqat O‘zbekistonning strategik mavqeini mustahkamlaydi, balki Ipak yo‘li ruhini mujassamlashtirib, geosiyosiy afzallikdan imkon darajasida foydalanish imkonini beradi, mintaqaning yanada keng rivojlanishi va integratsiyalashuviga salmoqli hissa qo‘shadi.

G‘.Xonnazarov tayyorladi.

R.Nazarmatov (surat), O‘zA